Putin bilan uchrashgan Japarov Ozarbayjonga yo‘l oldi
Olam
−
03 iyul 5402 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bugun, 3 iyul kuni Ozarbayjonga ikki kunlik rasmiy davlat tashrifi bilan boradi. Bu haqda Qirg‘iziston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Japarov Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining 17-sammitida ishtirok etadi. Sammit Ozarbayjon hukumati nazorati ostidagi Xonkendi shahrida bo‘lib o‘tadi.
Sammit davomida iqtisodiy hamkorlik doirasidagi dolzarb masalalar, jumladan, a’zo davlatlarning iqlim o‘zgarishini oldini olish borasidagi choralar muhokama qilinadi.
Shuningdek, tashrif doirasida Prezident Japarov ishtirokida “Ayqol Manas” maktabining ochilish marosimi ham o‘tkaziladi. Ushbu maktab Qirg‘iziston tomonidan qurilgan bo‘lib, u Ozarbayjonning Ag‘dam tumanida joylashgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham hozirda Ozarbayjonda bo‘lib turibdi. Bugun, 3 iyul kuni Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev muloqotni Ozarbayjonning Qorabog‘ tumanida davom ettirib, Xonkendidagi qo‘shma tikuvchilik fabrikasi va Ag‘dam shahridagi “Imorat” tarixiy-me’moriy majmuasi bilan tanishadi va ularga Sadir Japarov ham sherik bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazgandi. Uchrashuv davomida Vladimir Putin qirg‘iz tomoniga rus tiliga alohida maqom berilgani uchun minnatdorlik bildirib, bu ham gumanitar, ham iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidlagandi.
Live
Barchasi