Putin Baydendan avval Makron bilan taranglashgan vaziyatni muhokama qildi

Olam

image

Ukraina bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan bugun, 12 fevral kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hamda uning Rossiyalik hamkasbi Valdimir Putin o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Fransiya Prezidenti Adminstratsiyasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, yaqinda Kremlda Rossiya rahbari qabulida bo‘lgan Makronning Putin bilan telefondagi suhbati 1 soat 40 daqiqa davom etgan. 

Rasmiy Parijga ko‘ra, “muloqot Ukraina chegarasidagi vaziyatni yumshatish” borasida bo‘lgan. Tomonlar mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasida “Minsk kelishuvi”da ko‘zda tutilgan vazifalarni bajarishga tayyor ekanligini bildirgan. 

“Davlat rahbarlari Minsk kelishuvining bajarilishini ta’minlash masalasini muhokama qilib, Yevropada xavfsizlik va barqarorlikni kafolatlash shartlari bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Prezidentlar ushbu masalalar bo‘yicha muloqotni kelgusida ham davom ettirish niyatini bildirdilar”, deyiladi Makron ma’muriyati bergan xabarda.

Qayd etilishicha, bugungi telefon muloqoti, mintaqada xavfsizlik masalasi birinchi o‘ringa chiqqan bir paytda, ikki davlat rahbari o‘rtasida so‘nggi bir haftada o‘tkazilgan 4-so‘zlashuv hisoblanadi. 

Bundan avval, AQSH Prezidenti Jo Bayden ham bugun Validimir Putin bilan telefon muloqotini o‘tkazishi haqida xabar bergan edik. AQSH rahbari o‘zining Rossiyalik hamkasbi bilan Ukraina-Rossiya o‘rtasida yuzaga kelgan geosiyosiy vaziyatni muhokama qilishi aytilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiya-Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilish uchun Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 7-8 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Moskva va Kiyevda bo‘lib, ikki davlat rahbarlari bilan muzokaralar olib borgan edi. 

Muzokaralar davomi sifatida Germaniya kansleri Olaf Shols ham 14 fevral kuni Rossiya va 15 fevral kuni Ukraina rahbarlari bilan uchrashishi reja qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

505

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing