Putin – agressor, ukrainaliklar esa qurbon – Sanches
Olam
−
17 iyun
6555Ispaniya Ukrainani Putinning tajovuzkorligiga qarshi kurashda qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Global tinchlik sammitidagi chiqishida ma’lum qildi.
“Ispaniya zarur bo‘lgan vaqtgacha Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Chunki bu mojaroda bir narsa aniq: Putin – agressor, qurbon esa Ukraina xalqi. Har bir mojaroda biz Ukrainani himoya qilishimiz kerak”, deydi Sanches.
Uning ta’kidlashicha, sammit ishtirokchilari har bir davlat suverenitetini hurmat qilish kabi asosiy qadriyatlar atrofida to‘planganligi haqida juda aniq xabar berishlari kerak. Shuningdek, Pedro Sanches Putin xalqaro huquq va xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya qilish zarurligini eslatdi.
“Tajovuz yoki zo‘ravonlik bilan amalga oshirilgan anneksiyani tasdiqlovchi har qanday yechim uzoq davom etmaydi. Bunday yondashuv bizni yanada beqaror va xavfli dunyoga olib kiradi”, deya xitob qildi Ispaniya hukumati rahbari.
Sanchesga ko‘ra, ushbu uchrashuv barcha tegishli ishtirokchilar, shu jumladan Rossiya bilan kelajakdagi yechimni muhokama qilish mumkin bo‘lgan konsensusni shakllantirishga yordam beradi.
“Ukrinform”ning xabar berishicha, Shveysariyadagi global tinchlik sammitining asosiy mavzulari yadroviy va oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek, gumanitar jihatlar, jumladan, asirlarni almashish va deportatsiya qilingan ukrainalik bolalarni qaytarishni o‘z ichiga oladi.
Ma’lumot o‘rnida, 15-16 iyun kunlari Shveysariyaning Byurgenshtok shahrida Ukraina tomonidan Shveysariya hukumati bilan birgalikda tashkil etilgan tinchlik sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu Ukrainaning eng yirik diplomatik loyihasi bo‘lib, uning yordamida mamlakat rasmiylari Rossiya bilan urushni tugatishni reja qilgan. Mojaroning asosiy ishtirokchisi bo‘lgan Rossiya taklif qilinmagan sammitda 92 ta davlat va 8 ta xalqaro tashkilotning delegatsiyalari qatnashdi.