Putin 9 may munosabati bilan sulh e’lon qildi
Olam
−
28 aprel 8402 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 9 may kuni o‘tkaziladigan Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan sulh e’lon qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya armiyasi Moskva vaqti bilan 8 mayga o‘tar kechasi soat 00:00 dan 11 mayga o‘tar kechasi soat 00:00 gacha barcha jangovar harakatlarni to‘xtatadi.
“Qaror insonparvarlik mulohazalaridan kelib chiqib qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Kreml matbuot xizmati Ukraina tomoni ham shunday yo‘l tutishi kerakligi va agar sulh buzilsa, Rossiya armiyasi samarali javob berishi haqida ogohlantirgan.
“Rossiya tomoni Ukraina inqirozining asl sabablarini bartaraf etishga qaratilgan oldindan hech qanday shartlarsiz tinchlik muzokaralariga, xalqaro hamkorlar bilan konstruktiv hamkorlikka tayyorligini yana bir bor ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kiyevning fuqarolik infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatish haqidagi taklifini o‘rganishini hamda Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga ruxsat berishini aytgan edi. Qolaversa, Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 28 aprel kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ukraina Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligi haqida signal berishi kerakligini gapirgandi.
Ukrainada Pasxa sulhi
Oldinroq Rossiya Prezidenti Putin Pasxa bayrami munosabati bilan 19 aprel soat 18:00 dan 21 aprel soat 00:00 gacha sulh e’lon qilgandi.
“Ushbu 30 soatlik muddat ichida Rossiya qo‘shinlariga barcha harbiy operatsiyalarni to‘xtatish buyrug‘i berildi”, deya xabar bergandi Kreml matbuot xizmati o‘shanda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh Qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning hisobotiga tayanib, Rossiya o‘ziga e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini ikki mingdan ortiq marta buzgani, hujumlar uyushtirgani, o‘qqa tutgani va uchuvchisiz samolyotlardan foydalanganini ta’kidladi.
“Biroq 20 aprel, yakshanba kuni havo tahdidi signali bir marta ham eshitilmadi”, degan Zelenskiy.
Rossiya tomoni ham, o‘z navbatida, Ukraina Qurolli kuchlarini Pasxa sulhini buzganlikda ayblagan.