Putin 2024 yilda Rossiyaning MDHdagi maqsadi nima ekanini aytdi

Olam

image

Rossiya 2024 yilda Mustaqil davlatlar hamdo‘stliga raislik davrida Hamdo‘stlik doirasidagi iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishga, xususan, milliy valyutalarda hisob-kitoblarni kengaytirishga jiddiy e’tibor qaratish niyatida. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin MDH rahbarlarining kecha, 26 dekabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan norasmiy sammitida so‘z ochdi. 

“Tabiiyki, biz MDH doirasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratamiz. O‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash barqaror o‘sishni ko‘rsatdi. 10 oylik ma’lumotlarga ko‘ra, u 2 foizga o‘sdi va 83,7 milliard dollarni tashkil etdi”, deydi Putin.  

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining bildirishicha, Rossiya hamdo‘stlikdagi o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalarga faolroq o‘tish tarafdori bo‘lgan hamkorlari bilan aloqalarni davom ettiradi.

“Ishonchimiz komilki, bu davlatlarimizning iqtisodiy va moliyaviy suverenitetini yanada ishonchli ta’minlash imkonini beradi”, deydi Putin. 

Uning qayd etishicha, Rossiya Hamdo‘stlik raisi sifatida umumiy Yevroosiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni saqlash, terrorizm va ekstremizm, transchegaraviy jinoyatlar va narkotrafik, korrupsiyaga qarshi kurashda birgalikdagi ishlarni konstruktiv tarzda yo‘lga qo‘yishga harakat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 dekabr kuni Sankt-Peterburgda MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Vladimir Putin mezbonligida o‘tgan tadbirda  Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari qatnashdi. 


Maqola muallifi

Teglar

MDH Vladimir Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing