Putin O‘zbekistondan nima oldi-yu, nima berdi?
Tahlil
−
28 may
16288Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ikki kun O‘zbekistonda mehmon bo‘ldi. U 7 may kuni rasman qayta prezident lavozimiga o‘tirgandan keyin Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan birinchi bo‘lib O‘zbekistonga kelishi kutilgandi. Ammo u yo‘l-yo‘lakay Xitoy va Belorusda ham mehmon bo‘lishga ulgurdi. Xo‘sh, juda katta tayyorgarlik ko‘rilgan bu tashrifda Prezidentlar nimalarga kelishib oldi?
Vladimir Putin o‘tirgan samolyot Toshkent aeroportiga 26 may kuni kechqurun kelib qo‘ndi. Uni Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi kutib oldi. Shundan so‘ng, Mirziyoyev rossiyalik mavqedoshini "Yangi O‘zbekiston" bog‘iga taklif qildi. Putin u yerda Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. Shu bilan tashrifning birinchi kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Ertasi kuni tongda “Ko‘ksaroy” qarorgohida Rossiya rahbarini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yuqorida Prezidentning kelishiga bejiz katta tayyorgarlik ko‘rildi, demadik. Chunonchi, tarmoqlarda hali bitmagan binolarning chiroyli binolar tasviri tushirilgan bannerlar bilan berkitilayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Ammo shunday "g‘oya"ni o‘ylab topgan amaldorlar ob-havoni hisobga olmabdi - bannerlar shamolda yirtilib tusha boshladi.
Mamlakatga shuningdek, Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ishtirokida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun yana 18 nafar hudud rahbarlari ham keldi. Ular orasida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham bor edi. Uni Toshkent xalqaro aeroportida shahar hokimi Shavkat Umrzoqov hamda Prezident xavfsizligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Otabek Umarov kutib oldi.
Muzokaralar boshlanishidan avval Rossiya va O‘zbekiston rahbarlari o‘z delegatsiyalari a’zolarini tanishtirdi. Muzokaralar tor doiradagi suhbatdan boshlanib, kengaytirilgan tarkibda davom etadi.
Uchrashuvda, asosan, hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, Putinning avvalgi tashrifida ham e’tibor markazida turgan gaz masalasi haqida so‘z bordi. Yodingizda bo‘lsa, 2023 yilning iyun oyida O‘zbekiston "Gazprom" bilan yiliga 2,8 milliard kubometr – kuniga 9 million kubometr gaz sotib olish bo‘yicha ikki yillik shartnoma tuzgandi. 2023 yilning dekabr oyida esa Toshkentning iltimosiga binoan rus kompaniyasi gaz yetkazib berishni ikki baravarga oshirdi. Endi 2026 yildan boshlab Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzit hajmi to‘rt baravarga oshib, yiliga 11 milliard kub metrgacha yetishi kutilmoqda.
Bildirilishicha, o‘zaro tovar ayirboshlash va Rossiyadan investitsiyalar hajmi ko‘paymoqda, sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda. Xususan, so‘nggi 7 yilda savdo aylanmasi 2,5 barobar oshgan. Endilikda ushbu savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilyapti. Shu sababdan Rossiyada O‘zbekistonning to‘laqonli savdo vakolatxonasi tashkil etiladigan bo‘ldi.
Qo‘shma loyihalar portfeli 45 milliard dollarni tashkil etdi. Turli yo‘nalishlarda 20 milliard dollardan ortiq qiymatda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalari tayyorlandi.
Yetakchi korxonalarning qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish hamda O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida bildirilishicha, Prezidentlar O‘zbekistonda rus tili va rus tilidagi fanlarni o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishdi.
Shuningdek, uchrashuvda so‘z borgan AES qurish masalasi ham alohida e’tiborga loyiq. Chunki AES issiqlik elektr stansiyalariga nisbatan hamyonbop, ammo xavfli inshootdir. Uni qurish jarayonini nazorat qilish, sifatiga javob berish, stansiyadan chiqqan nurlangan suv va katta miqdordagi radioaktiv chiqindilarni qanday yo‘q qilish masalasi so‘roq ostida turibdi. Har holda, O‘zbekistonda shundoq ham suv tanqisligi va ekologiya muammosi har qachongidan ham dolzarb.
Ikkala davlat rahbarini uchrashuvda qoldirib, Toshkentga kelgan Ramzan Qodirovga to‘xtalsak. 27 may kuni Checheniston rahbari Toshkentdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi va “Shon-sharaf” muzeyiga bordi. Mehmonlar uchun ziyofat va konsert dasturi tashkil etildi. Unda O‘zbekiston xalq artisti Farruh Zokirov ham qatnashdi. Ziyofatdan so‘ng Ramzan Qodirov taniqli o‘zbekistonlik jangchi, UFC o‘rta vazn toifasida ishtirok etayotgan Nursulton Ro‘ziboyev bilan ham ko‘rishdi.
Yana oliy darajadagi muzokaralarga qaytsak, O‘zbekiston aholisini bir necha yillardan buyon qiynab kelayotgan yana bir muammo - Rossiyadagi o‘zbek migrantlari masalasi ham Prezidentlar suhbatidan chetda qolgani yo‘q. Vladimir Putin Rossiya hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun Federatsiyada munosib mehnat sharoitlarini ta’minlashda barcha imkoniyatlarni ishga solishiga va’da berib ketdi.
“Rossiyada milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi yashab, mehnat qilmoqda. Ularning Rossiya iqtisodiyotini, ayniqsa, qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, transport va logistika kabi jadal rivojlanayotgan tarmoqlarni rivojlantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasini yuksak qadrlaymiz”, deydi Putin.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, migrantlarga sharoitlar yaratib berish har ikki tomonda ham kuchaytiriladi. Bu so‘zlarning amalini esa keyingi yillar davomida ko‘ramiz.
Xullas, Putin va Mirziyoyevning hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan ushbu majlisida umumiy hisobda 27 ta hujjat imzolandi. Muzokaralar yakunida 63 banddan iborat “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqishga topshiriq berildi.
Putin O‘zbekistonda hujjatlarni imzolash bilan ovora ekan, Yevropa Ittifoqi Rossiyani inson huquqlarini buzganlikda ayblab, mamlakatga yangi sanksiyalarni joriy qildi. Shunday qilib, Rossiya rahbari Toshkentdan O‘zbekiston bilan bir qator yangi kelishuvlar va Yevropaning yangi sanksiyalari bilan qaytdi.
LiveBarchasi