Pulmonolog olim Abdulla Ubaydullayev olamdan o‘tdi
Jamiyat
−
09 dekabr 5024 1 daqiqa
Taniqli pulmonolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi Abdulla Ubaydullayev Muharramovich 91 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Abdulla Muharramovich Ubaydullayev 1934 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. U O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi, Fiziatriya va pulmonologiya ilmiy tekshirish instituti direktori, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi (Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti) pulmonologiya va klinik allergologiya kafedrasi mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi bosh pulmonologi bo‘lib ishlagan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi.
Abdulla Ubaydullayev respublikada bronx-o‘pka kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash, irsiyatning ta’siri, davolash, uning kelib chiqishida ekologik o‘zgarishlar ta’sirini o‘rgangan. Bu vaqt orasida mamlakatda 6000 dan ortiq pulmonologlar va umumiy amaliyot shifokorlarining malakasini oshirishda faol qatnashgan.
U 25 nafar tibbiyot fanlari doktorlari va 39 nafar fan nomzodlarini yetishtirib, O‘zbekistonda e’tiborli pulmonologlar maktabini yaratgan.
“Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Abdulla Ubaydullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi. Marhumning oila a’zolari va yaqinlariga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi nomidan hamdardlik bildiramiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mashinasoz olim Azmiddin Sadriddinov vafot etgandi.
Live
Barchasi