Pugachyova xeyterlariga murojaat qildi

Madaniyat-san’at

image

Ukrainadagi harbiy amaliyotlar boshlanganidan keyin Rossiyani tark etgan xonanda Alla Pugachyova o‘z tanqidchilariga murojaat qilib, ulardan uni obro‘sizlantirishga behuda urinmaslikni so‘radi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasiga post joyladi.

“Siz juda kulgilisiz. Darvoqe, men sizni qullar va xizmatchilar, deb ataganman. Xalqning bunga aloqasi yo‘q. Ular hozirda garovda. Men ularni yaxshi ko‘raman va achinaman. Siz esa menga qaratilgan bema’ni gaplaringiz, uydirmalaringiz, ochiq yolg‘onlaringiz bilan men butun umr davomida ular uchun yashab, kuylab kelgan, shaxsiy hayotimni qurbon qilgan odamlarni mendan uzoqlashtirishga harakat qilyapsiz”, deb yozgan xonanda.

Pugachyovaning qo‘shimcha qilishicha, uni yo‘q qilish yoki uning hayoti va ishini qadrsizlantirish uchun qilingan barcha urinishlar bekor ketadi. Chunki “ko‘p millionlik muxlislar armiyasi” unga xiyonat qilmaydi.

“Qanchalik urinmang, muvaffaqqiyatga erisha olmaysiz. Shunday ekan, kuch va pulingizni meni yo‘q qilish yoki hayotimni va ishimni qadrsizlantirish uchun befoyda urinishga sarflamang”, deb yozgan u.

Bundan tashqari, qo‘shiqchi o‘z vazifasini bajarganini va uzoq vaqt davomida qo‘shiq aytmaganini, lekin uning charchagan ovozi hali ham yangrayotgani, oyoqlari yurayotgani, ko‘zlari ko‘rayotgani va quloqlari eshitayotganini aytgan.

“Pulga baxtni sotib olib bo‘lmaydi. Erkinlik – bu asosiy boylik. Men esa buni qadrlayman, shu bilan yashayman va nur zulmat ustidan, yaxshilik yomonlik ustidan, haqiqat tuhmat ustidan g‘alaba qozonguncha yashashga harakat qilaman. Keling, hayotimizni davom ettiraylik”, deb yozgan Pugachyova.
Xonanda postini Yaroslav Dronovning “Men haqimda hali yana eshitasiz!" degan so‘zlari bilan yakunlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xonanda Kiprga jo‘nab ketib, bir muddat aloqaga chiqmay qo‘ygandan so‘ng Instagram sahifasiga surat joylagandi. Uning ostiga esa “Biz baxtli hayotimizni davom ettiramiz” deb yozib qoldirgan.


Maqola muallifi

Teglar

murojaat Rossiya Pugachyova xeyter

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing