PSJ “qiroli” Mbappe Hakimiga dakki berdi

Sport

image

Fransiya terma jamoasi va PSJ klubining futbolchisi Kilian Mbappe  2021-2022 yilgi mavsumdagi o‘yinlarning birida jamoadoshi Ashraf Hakimiga dakki bergan videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bu haqda “Mirror” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, kiyinish xonasiga kirish yo‘lagida Mbappe Hakimining yomon uzatmasidan noligan video “Prime Video” kameralariga tushib qolgan. sho‘a vaziyatda quyidagicha muloqot bo‘lgan:

“Mbappe: “Qasam ichaman, videoni tomosha qil”.

Hakimi: “Agar shunday bo‘lsa, kechirasan”.

Mbappe: “Afsus qilishning o‘zi kifoya emas, to‘pni yaxshilab uzat!”.

Qayd etish kerakki, o‘tgan yozda Kilian Mbappe Parij klubi bilan shartnomasini uzaytirdi. 23 yoshli futbolchining PSJ bilan yangi bitim imzolashi jahon futboli jamoatchiligi uchun mutlaqo kutilmagan qaror bo‘ldi. Sababi hamma uning Madridning “Real” klubiga yo‘l olishini kutgandi.

Mbappe bilan kelishuv PSJ klubi uchun arzonga tushmadi. Parij klubining qatarlik egalari  fransiyalik futbolchini sayyoramizning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylantirdi. Unga klubning transfer siyosatiga aralashish huquqi ham berildi. Shuningdek, PSJ jamoasi Kilian atrofida birlashadigan bo‘ldi.

Hozirda qanchalik g‘alati tuyilmasin Lionel Messi to‘p suradigan jamoada Kilian Mbappe yakka hukmronlik qilmoqda. Kilianning Messini turtib o‘tgani haqida tarqalgan video ham Parijning erkatoy “shahzodasi” kim ekanligini namoyon qiladi. Uning hukmronligini cheklashga urinayotgan yagona futbolchi Neymar Junior bo‘lib turibdi. Neymar va Mbappe o‘rtasidagi mojarolar tez-tez ommaviy axborot vositalarining "mikroskopi" ostiga tushib qolmoqda. Hattoki braziliyalik futbolchi Mbappening birinchi raqamli penalti tepuvchi bo‘lishiga ham ochiqchasiga qarshilik bildirdi.

Albatta, Kilian Mbappe erkaliklarni bas qilib, o‘zidan katta akalarining hurmatini joyiga qo‘ysa, PSJ dunyoning istalgan klubiga muammo tug‘diradi. PSJ klubi rahbarlarining ham muddaosi aynan shu: Mbappe, Messi va Neymarning kelishib harakat qilishini ko‘rish.

Ma’lumot uchun, joriy mavsumda Mbappe PSJ safida barcha turnirlar doirasida 7 ta uchrashuvda maydonga tushib, 9 ta gol urgan. “Transfermarkt” portali fransiyalik iqtidor egasini 160 million yevroga baholamoqda. Kilianning parijliklar bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilning 30 iyuniga qadar tuzilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kilian Mbappe PSJ Ashraf Hakimi

Baholaganlar

122

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing