“Propiska” bo‘yicha muhim yangiliklar kiritilmoqda – Senat

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, bugun, 11 may kuni Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tyapti. Senatorlar majlisda “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur Qonunda tizimni isloh qilishga qaratilgan yangiliklar nazarda tutilmoqda. Xususan, “doimiy propiska” so‘zlari “yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” so‘zlariga almashtirilmoqda. Bundan tashqari, fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularning egaligida bo‘lgan boshqa manzildagi uy-joy maydoniga ham doimiy ro‘yxatga turish imkoniyati yaratilmoqda. Qolaversa, er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda propiskani yo‘qotish bo‘yicha qoidalar bekor qilinmoqda.

Yana bir jihat, Oliy Majlis palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar hamda davlat hokimiyati organlariga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar, shuningdek, ularning oila a’zolari belgilangan tartibda doimiy propiska qilingandan so‘ng, ular boshqa ishga o‘tishi yoki lavozimdan ozod etilishi yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan chiqarilishga olib kelishiga oid qoida chiqarib tashlanmoqda.

Davlat hokimiyati organlarida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq bo‘lgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) tegishli organ yoki tashkilot rahbarining ma’lumotnomasiga ko‘ra, shuningdek, ularning oila a’zolariga doimiy ro‘yxatga turish bo‘yicha yangi band kiritilmoqda.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining poytaxtda doimiy ro‘yxatga olish tartib-taomillari liberallashtiriladi. Eng muhimi,  er-xotinga ular nikohdan o‘tgan kunning o‘zida yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqini berishi munosabati bilan oila mustahkamligini ta’minlanishiga zamin yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat propiska yalpi majlis

Baholaganlar

207

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing