Prokuror va katta inspektor pora bilan qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
06 iyul
15345Sirdaryo viloyati va Toshkent shahrida lavozimini suiiste’mol qilgan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2021 yilda Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi, maxsus texnikalar bilan xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan MCHJ rahbari ko‘p funksiyali burg‘ilash uskunasi olib kelish maqsadida Xitoy davlati kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi orqali shartnoma tuzgan. Bankdan olgan 1 mln 71 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘ini ushbu kompaniyaning hisob raqamiga o‘tkazgan. Ammo shartnoma talablariga zid ravishda Xitoydan ko‘p funksiyali o‘rniga, bir funksiyali burg‘ilash uskunasi yuborilgan.
Oqibatda prokuratura organlari tomonidan xorijiy kompaniyaning O‘zbekistondagi vakillariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jizzax viloyati IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilgan. Jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan ekspertizada mazkur uskuna ko‘p funksiyali ekanligi to‘g‘risida xulosa berilgan.
Bundan norozi bo‘lgan tadbirkorga esa Toshkent shahrida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining mansabdor tanishlari orqali uskunaning bir funksiyali ekanligi to‘g‘risida qayta ekspertiza tayinlash bo‘yicha tergovchi tomonidan qaror chiqarilib, ekspertiza xulosasini uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni taklif etgan. Evaziga 155 ming AQSH dollari so‘ragan. Va u 105 ming AQSH dollarini olgan vaqtda ushlangan.
“Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur shaxs ushbu masalani Toshkent shahar prokuraturasining ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi katta prokurori hamda uning vositachisi bo‘lgan, Toshkent shahridagi sug‘urta markazi rahbari orqali hal qilishi kerakligi ma’lum bo‘lib, ular ham protsessual tartibda ushlangan”, deyiladi xabarda.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi yong‘inga qarshi profilaktikasi katta inspektori Yunusobod tumanida yangi qurilgan noturar binoga o‘rnatilgan yong‘in xavfsizlik tizimlarini qabul qilishda va binoning foydalanishga topshirilishi bo‘yicha ijobiy xulosa berilishida vakolatli hamkasbi orqali ko‘maklashish evaziga 12 ming AQSH dollari talab qilib, avvalroq 3 ming AQSH dollari olgan. Va u 2900 AQSH dollarini o‘zining hamkasbiga bergan vaqtida ushlangan.
“Hozirda katta inspektorga nisbatan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, garov ehtiyot chorasi qo‘llanildi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi