Prokuror Mubashshir Ahmadga 7 yil so‘radi
3-sahifa
−
18 Sentabr 7151 2 daqiqa
Bugun, 18 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumani sudida diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ning navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudda davlat ayblovchisi Mubashshir Ahmadga 7 yil qamoq jazosini so‘ragan. Bu haqda “Azon Global” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, prokuror bu so‘rovini hech qanday sabab bilan asoslamagan.
“Huquqshunoslarning fikricha, bunday jazo so‘ralishi asossiz va adolatsizdir! Zero o‘tgan sud majlislarida ustozning ishiga doir xulosa bergan ekspertlar o‘z da’volarini isbotlay olisholmagan edi. Buning bevosita guvohi bo‘lgan prokurorning bu qadar katta muddatli jazo so‘rashi odamni tashvishga soladi va sud hokimiyatining mustaqilligi va adolatini shubha ostiga qo‘yadi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, sudning keyingi majlisi joriy yilning 22 sentyabriga qoldirilgan.
Ma’lumot uchun, Alisher Tursunovga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tursunovning bundan oldingi sud majlisi 15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida Alisher Tursunov Istanbulning Bohchashehir mavzeidagi uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik, ijtimoiy tarmoqlarda Tursunov Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Alisher Tursunovni Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinganini rasman tasdiqlagandi.
Live
Barchasi