Mubashshir Ahmad ishi bo‘yicha yana sud bo‘ldi

3-sahifa

image

Kecha, 15 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumani sudida diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ning 3-sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Azon Global” xabar berdi. 

Qayd etilishicha, sudda qatnashish uchun qator jamoatchilik vakillari, jurnalistlar hamda Mubashshir Ahmadning yaqin qarindoshlari sud binosi oldida yig‘ilgan.

Qariyb 2 soat davom etgan sud majlisida bu safar Alisher Tursunovning o‘zi ham ko‘rsatma bergan. U Turkiyada faoliyat olib borgan vaqtda chiqarilgan materiallari uchun Diniy qo‘mita ruxsatini olish zarurati bor deb o‘ylamaganini aytgan. Shuningdek, u o‘ziga qo‘yilgan boshqa ayblovlar bo‘yicha ham fikrlarini aytib o‘tgan. 

“Mubashshir Ahmad bugungi sud majlisida har bir ayblov moddasi bo‘yicha so‘ralgan savollarga javob bergani aytilmoqda. Qoralovchi (prokuror) qanday jazo berilishini suddan so‘rash borasida o‘ylab olish uchun muddat so‘ragan”, deyiladi portal xabarida. 

Shuningdek, majlisda sudya tomonlar muzokarasi uchun tanaffus e’lon qilgan. Keyingi sud majlisi 18 sentyabr kuniga qoldirilgan. 

Ma’lumot uchun, Alisher Tursunovga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. 
Tursunovning bundan oldingi sud majlisi 8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgandi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida Alisher Tursunov Istanbulning Bohchashehir mavzeidagi uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik, ijtimoiy tarmoqlarda Tursunov Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Alisher Tursunovni Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinganini rasman tasdiqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Mubashshir Ahmad Azon Global Alisher Tursunov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing