Prokuror Qirg‘izistonning sobiq prezidentini 11 yilga qamashni so‘radi
Olam
−
16 aprel
5541Qirg‘izistonning 2011-2017 yillardagi sobiq prezidenti Almazbek Atambayev 11 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Shuningdek, Bishkekda bo‘lib o‘tayotgan sudda Atambayev bilan bir qatorda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq ishchisi, sobiq davlat rahbarining qo‘riqchisi Qanat Sag‘imboyev esa 11,5 yilga qamalishi mumkin. Davlat ayblovchisi tomonidan yana 3 kishi – parlamentning sobiq a’zosi Ravshan Jeyenbekov, Atambayevning partiyadoshi Farhod Baabiyev hamda prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Farid Niyozovning har biriga 10 yillik qamoq jazosi so‘ralgan.
Sud jarayonlari 2019 yilning avgust oyida mamlakatning Qo‘ytosh qishlog‘ida sodir bo‘lgan tartibsizliklar ortidan o‘tkazilmoqda. 2019 yilning 7 avgust kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi maxsus bo‘linmalari Almazbek Atambayevning Qo‘ytoshdagi qarorgohiga bostirib kirishga urindi. Ertasi kuni Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining hamkorligida turar-joy egasini qo‘lga olish bo‘yicha navbatdagi maxsus operatsiya o‘tkazildi. Xavfsizlik kuchlari Atambayevni qishloqdan olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Qo‘llab-quvvatlovchilar xavfsizlik kuchlariga tosh otishni, shinalar va chiqindilarni yoqib yuborishni boshladi. Ikki kunlik to‘qnashuvlarda 136 kishi tan jarohati oldi, maxsus bo‘linmaning bir askari o‘q jarohatidan halok bo‘ldi.
Qirg‘izistonning sobiq prezidentiga nisbatan bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, jumladan, Qo‘ytosh qishlog‘idagi tartibsizliklar, korrupsiya va jinoiy daromadlarni legallashtirish bo‘yicha. Shuningdek, u Turkiya fuqarolariga noqonuniy pasport berish va 2020 yilning oktyabr oyida ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ham ayblangan edi, biroq u oqlangan.
Prezidentlik davrida Atambayev haqida ancha ijobiy fikr bildirilgan. Xususan, amerikalik investor, “Soros” jamg‘armasi sifatida tanilgan tashkilotlar tarmog‘ining yaratuvchisi Jorj Soros u haqida “Qirg‘iziston korrupsiyasiz prezidentga ega bo‘lgani uchun baxtiyor” deya korrupsiya botqog‘iga botib ketmagan shaxsning hokimiyat tepasiga kelishi mamlakatning demokratik rivojlanishi uchun foydali ekanini ta’kidlagandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Atambayevni “so‘zida turuvchi, u bilan nimadir bo‘yicha kelishib olish ba’zan qiyin bo‘ladi, lekin biror narsa bo‘yicha kelishib olganimizdan keyin u erishilgan kelishuvlarga amal qiladigan shaxs” deb ta’riflagandi.
Atambayev 2020 yilning iyun oyida Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilishda aybdor deb topilib, mulkini musodara qilish va davlat mukofotlaridan mahrum qilish bilan 11 yilu 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 2023 yil 13 fevralda Qirg‘iziston Oliy sudi yangi ochilgan holatlar tufayli hukmni bekor qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 20 noyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari mamlakat parlamentining sobiq spikeri Qanatbek Isayevni hibsga olgandi. Siyosatchi uyushgan jinoiy guruhlarga aloqadorlikda gumonlanib, hibsga olingan.
LiveBarchasi