Bobur Bekmurodov rus amaldorini jinoiy javobgarlikdan ogohlantirdi
Jamiyat
−
21 dekabr 2023
18490Hozirda Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi Zaxar Prilepinning sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgani O‘zbekistonda norozilik va keng munozaralarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik faollar va deputatlar bu borada o‘z munosabatlarini e’lon qilmoqda. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov ham ushbu da’voga o‘z munosabatini bildirdi.
“Zaxar Prilepinning “O‘zbekistonni bosib olish tahdidi” mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Rus siyosatchilarining bunday qarashlari shubhasizki, o‘zbekistonliklar orasida Rossiya Federatsiyasiga nisbatan salbiy munosabatni kuchaytirmoqda”, deydi Bekmurodov.
Deputatning aytishicha, bu Rossiyaning tobora tushib borayotgan nufuzini yanada pasaytirmoqda. Shuningdek, u rus siyosatchilari agressiv kayfiyat va so‘zlar bilan do‘st orttirib bo‘lmasligini anglab yetishi zarurligini, ularning aynan shunday agressiv harakatlari do‘stona munosabatdagi mamlakatlar bilan aloqalarning yomonlashishiga sabab bo‘layotganini eslatgan.
Shuningdek, Bekmurodov Prilepinning bunday harakati na O‘zbekiston, na Rossiya qonunchiligiga to‘g‘ri kelmasligini eslatgan.
“Prilepinni bunday harakat O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida qat’iy ogohlantiramiz. U bu gaplari bilan Rossiya Konstitutsiyasining o‘zga davlatlar bilan tinch hayot kechirish, ichki ishlariga aralashmaslikni nazarda tutuvchi 79.1 moddasiga qarshi chiqmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Bobur Bekmurodov.
Bundan tashqari, u Prilepin va boshqa rus siyosatchilari ilgari surayotgan bunday qarashlar illyuziyadan boshqa narsa emasligini aytgan.
“Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, O‘zbekiston mustaqil, mustahkam suverenitetga ega mamlakatdir. Qolaversa, qariyb 60 ming a’zoga ega bo‘lgan Harakat nomidan Rossiya rasmiylarini ittifoqchi mamlakatga nisbatan bunday agressiv bayonotlarga e’tibor qaratishga va batamom chek qo‘yishga chaqiraman”, deydi deputat.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatgandi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, Rossiyaga rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidlagandi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham bu bo‘yicha munosabat berib, Kiyevni egallash Rossiya uchun orzuligicha qolishini aytgandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr