Prigojin isyon paytida Shoygu va Gerasimovni asirga olmoqchi bo‘lgan – WSJ 

Olam

image

“Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojin isyon paytida Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni qo‘lga olishni rejalashtirgan. Bu haqda G‘arb razvedka manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Aytilishicha, Prigojinning asl rejasi Shoygu va Gerasimovni Rostov-Donga bosqinda qo‘lga olish bo‘lgan. Biroq, “Vagner” asoschisi tomonidan ishlab chiqilgan rejalar amalga oshirilishidan ikki kun oldin, Federal xavfsizlik xizmati buni aniqlagan. 

O‘shanda Prigojinning niyatidan nafaqat Rossiya maxsus xizmati, balki G‘arb razvedkasi ham xabardor bo‘lgan. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, uning dastlabki rejasi muvaffaqiyatga erishishi uchun yaxshi imkoniyatga ega edi. Biroq ma’lumotlar sizib chiqqanidan so‘ng, “Vagner” asoschisi “improvizatsiya” qilishga majbur bo‘lgan va rejalashtirilganidan oldinroq harakatni boshlagan.

G‘arb razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Vagner”ning Rostov-Don ustidan nazoratni osonlik bilan o‘z qo‘liga olgani ba’zi muntazam armiya qo‘mondonlari ham fitnaga qo‘shilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Manbada aytilishicha, Rossiya harbiylarining bir qismi uning tarafini olgan va Prigojinga umid bildirgan.

Shuningdek, G‘arb razvedkasi Prigojin yuqori martabali rossiyalik zobitlarga, jumladan, general Sergey Surovikinga ham rejalar haqida gapirgan, deb hisoblaydi. Surovikin bundan keyin fitna haqida ma’lumotni FXXga bergan yoki bermagani noma’lum.

Prigojinning bir kunlik isyoni

Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vagner Shoygu Gerasimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing