Prezident mehnatga haq to‘lash miqdorlarini aniqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 21 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Quyida farmonning to‘liq matni bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni

Mehnatga haq to‘lash miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish hamda mehnatga haq to‘lash, pensiyalar tayinlash hamda soliqlar, davlat bojlari, jarimalar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni undirish o‘rtasidagi shartlarning bog‘liqligini bartaraf etish maqsadida:

1. 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori o‘rniga:

577 170 so‘m miqdorida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori;

202 730 so‘m miqdorida bazaviy hisoblash miqdori;

202 730 so‘m miqdorida pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori joriy etilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

a) mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori:

1,0 tarif koeffitsiyenti bo‘yicha Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi birinchi razryadi bo‘yicha oylik tarif stavkasining puldagi ifodasi hisoblanadi;

mehnat munosabatlari sohasida lavozim maoshi, ustamalar, qo‘shimcha haq, gonorar, qo‘shimcha ish uchun kompensatsiya to‘lovlari va rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lovlarning boshqa turlari, shuningdek, qonunchilikda belgilangan ushlanmalar, ilgari eng kam ish haqiga nisbatan belgilab qo‘yilgan boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlashda hamda oilalarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtojligi va ishsizlik bo‘yicha nafaqalar miqdorini aniqlashda qo‘llaniladi;

belgilangan mehnat normalarini to‘liq bajargan xodimlar mehnatiga haq to‘lashning quyi chegarasi sifatida tashkiliy-huquqiy shakli va mehnat munosabatlaridan qat’i nazar barcha ish beruvchilar uchun majburiy hisoblanadi;

b) bazaviy hisoblash miqdori:

soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari va ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari uchun boshqa to‘lovlarning miqdorlarini;

tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun patent, litsenziya va boshqa to‘lovlarning qiymati, tashkilotlarning ustav va boshqa fondlari (kapitali) miqdori, pulsiz shaklda to‘lanadigan aksiyalar, boshqa qimmatli qog‘ozlarning qiymati, yuridik shaxslar aktivlarining balans qiymati, mikrokreditlar va lizing, shuningdek, boshqa moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarning cheklangan miqdorini aniqlashda qo‘llaniladi;

v) pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori pensiya ta’minoti sohasida pensiyalar, ustamalar, qo‘shimcha haq va kompensatsiya to‘lovlari, shuningdek, xodimlarning mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki ular o‘zlari mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararni qoplashda qo‘llaniladi.

3. Belgilansinki:

eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan ustamalar, qo‘shimcha haq, mukofotlar hamda boshqa kompensatsiya va rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lovlarning barcha turlari mazkur to‘lovlarning so‘mda ifodalangan amaldagi miqdorlarini saqlab qolgan holda qayta hisob-kitob qilinadi (zarur hollarda ko‘p tomonga yaxlitlanadi);

qonun hujjatlarida mazkur Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlashning boshqa tartibi o‘rnatilishi mumkin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasini qayta ko‘rib chiqish hamda nafaqalar, kompensatsiyalar va to‘lovlarning alohida turlari miqdorlarini mutlaq summada belgilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

mazkur Farmon talablaridan kelib chiqqan holda Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasini qo‘llash hamda tashkilotlarda mehnatga soatbay haq to‘lash tizimini belgilash bo‘yicha metodik tavsiyalarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik
va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar uch oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.

6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi 
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 21 may


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmoni

Baholaganlar

30

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing