Prezidentning nabirasi Akmal Nurning shogirdi ekani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
07 Oktabr 2019
33863O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva kecha, 6 oktyabr kuni o‘g‘li Miromon bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida ochilgan tasviriy san’at ko‘rgazmasini tomosha qildi. Mazkur ko‘rgazmada Badiiy akademiya raisi – O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur asarlari namoyish etilmoqda.
“Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida shu hafta O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nurning "Onaizor" ko‘rgazmasi ochildi. Unga biz ham tashrif buyurdik. Tan olish kerak, taniqli mo‘yqalam ustasining noyob uslub va betakror chizgi-bo‘yoqlar bilan ajralib turuvchi, chuqur ramziy ma’noga ega, milliy an’analar va zamonamiz uyg‘unligida aks etgan asarlarini ko‘rish bizni hamisha hayratga soladi”, deb yozadi Mirziyoyeva.
Badiiy akademiyada Saida Mirziyoyeva va uning o‘g‘liga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev va Madaniyat vaziri o‘rinbosari – rassom Akmal Nurning rafiqasi Kamola Oqilova peshvoz chiqqan.
Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlar orqali yozgan xabarida Akmal Nur o‘g‘li Miromonning ustozi ekanini ochiqladi.
⠀
“Usta rassom ajoyib ustoz ekanini ham alohida ta’kidlamoqchiman. O‘g‘lim, qadrli Miromonning ijodi bunga yorqin misoldir. U 9 yoshligidan tasviriy san’atga qiziqadi va bugungi kunda Akmal Nur rahbarligida rassomlik sirlaridan saboq olmoqda. U kishi Miromonning ustozi ekani biz uchun sharaf. Ustozining o‘gitlari tufayli o‘g‘lim o‘z mahoratini tobora oshirmoqda, rang va shakl tuyg‘usini rivojlantirib, asar mavzusi va syujetini mustaqil ravishda tanlamoqda. Miromon esa, o‘z navbatida, ustozi bilan g‘oyat faxrlanadi”, deydi Mirziyoyeva.
U so‘zlari so‘ngida rassom Akmal Nurga minnatdorlik bildirgan va o‘g‘li tomonidan turli yillarda chizilgan tasviriy san’at asarlarining suratini taqdim etgan.
LiveBarchasi