Prezidentning maxsus vakili “Tolibon” o‘zbek tilining rasmiy maqomini bekor qilgani haqida gapirdi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2021
17131Toshkent Afg‘onistonda o‘zbek tilining rasmiy maqomi bekor qilingani haqida ma’lumotga ega emas. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev ma’lum qildi, deya yozmoqda “Sputnik” nashri.
Qayd etilishicha, Valday klubi konferensiyasi chog‘ida Ismatulla Irgashev o‘zbek tilining rasmiy maqomi haqidagi savolga quyidagicha javob qaytargan:
“Afg‘onistonning yangi hukumati tomonidan o‘zbek tilining rasmiy maqomi bekor qilingani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Balki, bu mamlakatning yangi konstitutsiyasini tayyorlash tufayli vaqtinchalik choradir”.
Shuningdek, Ismatulla Irgashev konferensiya doirasida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida oziq-ovqat va dori-darmonlar yetkaziladigan avtomobil va temir yo‘l aloqalari tiklanishini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Prezidentning maxsus vakili ikki davlat o‘rtasidagi chegara faqat, pandemiya tufayli yopilganini va bunga boshqa omillar sabab bo‘lmaganini qayd etgan.
“Tolibon” O‘zbekiston va Rossiya Afg‘onistonga qo‘shni davlat sifatida yordam berishidan umidvor. RF va O‘zbekistonning ushbu masaladagi yondashuvlari bir xil”, deydi Irgashev.
Eslatib o‘tamiz, bir qator rus OAV o‘z manbalariga tayanib, toliblar Afg‘onistonda o‘zbek tilining rasmiy maqomini bekor qilgani haqida yozgan edi. Biroq, bu rasmiy ma’lumot hisoblanmaydi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan “Tolibon” bilan iliq aloqalarga ega.
Ma’lumot o‘rnida, avval ham “Tolibon” Afg‘onistonda o‘zbek tilining rasmiy maqomini bekor qilgani haqida turli xabarlar tarqalgandi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi holatga oydinlik kiritib, mamlakat “Tolibon” rasmiylari bilan doimiy aloqada ekani hamda o‘zbek tili rasmiy til sifatida qolishi haqida xabar bergandi.
LiveBarchasi