Prezidentning davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari belgilanyapti

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi. Qayd etilishicha, Qonunning maqsadi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va Oliy Majlis Senati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari hamda sudyalardan tashqari barcha O‘zbekiston Respublikasi davlat fuqarolik xizmatchilariga tatbiq etiladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi, mudofaa, davlat xavfsizligi organlarida, diplomatik, bojxona, soliq va qutqaruv xizmatida xizmat o‘tayotgan davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Bosh vazirning, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahqamasining a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va a’zolari, hokimlarning huquqiy maqomi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi. Mazkur Qonun yuqorida sanab o‘tilgan qonun hujjatlari tomonidan tartibga solinmagan qismlarga nisbatan qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlarining huquqiy maqomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari bilan belgilanadi. Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari tomonidan tartibga solinmagan qismlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Davlat organlariga ishlashga taklif etilgan xorijiy mutaxassislarning huquqiy maqomi kontrakt asosida belgilanadi.

Ushbu Qonunning amal qilishi davlat organlari va tashkilotlarining yordamchi (texnik va xizmat) lavozimidagi hamda davlat organlari va tashkilotlarining tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tijorat tashkilotlari xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qonunning 6-moddasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari belgilanyapti.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti:

•    davlat fuqarolik xizmatini yanada takomillashtirish va isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi;

•    davlat fuqarolik xizmati masalalari bo‘yicha vakolatli organni shakllantiradi, uning faoliyati vazifalari, funksiyalari va tashkiliy-huquqiy asoslarini belgilaydi;

•    davlat fuqarolik xizmati ishlari bo‘yicha vakolatli organning rahbarini lavozimga tayinlaydi va undan ozod qiladi;

•    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nomenklaturasiga kiritilgan davlat lavozimlaridan iborat davlat xizmatchilarini lavozimiga tayinlaydi va undan ozod qiladi;

•    qonun bilan belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

•    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi nomenklaturasiga kiritilgan davlat lavozimlaridan iborat davlat xizmatchilari reyestri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan olib boriladi.

Qonun loyihasi 11 bob va 75 moddadan iborat. Loyiha 6 iyunga qadar muhokama qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

davlat fuqarolik xizmati

Baholaganlar

29

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing