Prezidentlikka nomzodning o‘ldirilishi ortidan Ekvadorda favqulodda holat joriy etildi

Olam

image

Ekvador prezidentligiga nomzod Fernando Vilyavisensio o‘ldirilishi ortidan yuzaga kelgan tartibsizliklar sababli amaldagi Prezident Gilermo Lasso mamlakatda 60 kunlik favqulodda holat joriy qildi. Bu haqda “El universo” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun 10 avgust kuni yarim tundan keyin mamlakat prezidenti Gilermo Lasso tomonidan chiqarilgan 841-sonli farmon asosida 60 kunlik favqulodda holat e’lon qilingan. O‘n ikki sahifalik farmonda Prezident Milliy politsiya va Qurolli kuchlar organlari jamoat tartibini nazorat qilishi hamda fuqarolar xavfsizligini kafolatlash maqsadida safarbar qilinishi aytilgan. Shuningdek, unda yig‘ilishlar uyushtirish ham cheklangan.

“Huquqni muhofaza qilish organlari bo‘lgan Milliy politsiya va Qurolli kuchlarning xodimlari kuch ishlatishning qonuniy normalari va amaldagi tamoyillariga rioya qilishlari shart. Unga muvofiq jamoat tartibini nazorat qilish, ichki himoya va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun organ xodimlari qonuniy kuch ishlatishga vakolatli”, deyiladi hujjatda.

Hujjatda so‘nggi jinoiy harakatlar mamlakatda zo‘ravonlik kuchayib borayotganini ko‘rsatayotgani, bu borada Milliy politsiya va Qurolli kuchlarning ishtiroki zarurligi ta’kidlangan.

Gilermo Lassoning milliy telekanallarning birida bergan intervyusida so‘nggi hujumdan afsusda ekanligi, buni uyushtirganlar jazosiz qolmasligini aytgan hamda holatda “terroristik xususiyatga ega siyosiy jinoyat” deya baho bergan.

“Biz bu suiqasd saylov jarayonini buzishga urinish ekanligiga shubha qilmaymiz. Prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichidan bir necha kun o‘tib bunday nomaqbul harakat sodir bo‘layotgani bejiz emas”, deya izoh bergan u.

Shuningdek, u turli mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar tomonidan bildirilgan hamdardliklar uchun minnatdorchilik bildirgan.

Mamlakatda bundan oldin ham, ya’ni, joriy yilning 23 iyul kuni Guayas provinsiyasining Duran shahri hamda Manabi provinsiyasida 60 kunlik favqulodda holat joriy qilingan edi. Bunga Manta meri Agustin Intriagoning o‘ldirilishi sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 avgust kuni Ekvador prezidentligiga nomzod 59 yoshli Fernando Vilyavisensio saylovoldi mitingidan so‘ng otib o‘ldirilgandi. 

 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident favqulodda holat Ekvador

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing