Konstitutsiyaga saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha o‘zgartirish kiritiladi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda Prezident saylovini o‘tkazish muddatini o‘zgartirish rejalashtirilyapti. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu o‘zgarish faqatgina Prezident sayloviga daxldor bo‘lmaydi.

Bugun, 25 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Qonun tashabbusi huquqi asosida bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilishi va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, shuningdek, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratilmoqda.

“Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonun Saylov kodeksi bilan muvofiqlashtirilib, parlament va mahalliy vakillik organlariga saylovlar bilan teng ravishda prezidentlik saylovlarini ham davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasiga YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tavsiyalari asosida bir qator o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda. Xususan, saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlanmoqda, saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlanmoqda. Saylov natijalarini e’lon qilish muddatlari asossiz cho‘zilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilmoqda.

Yana bir muhim jihat — siyosiy partiyalar tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e’lon qilish tartibi joriy etilmoqda. Bu, deputatlarning fikricha, siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanish shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Majlisda saylovlarning dekabr oyida o‘tkazilishi bilan bog‘liq ayrim omillarga to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, Prezidentlik saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Bu esa saylovlardan keyingi siyosiy tadbirlarni o‘tkazish, jumladan, Davlat dasturini qabul qilish va boshqa islohotlarning kechiktirilishiga sabab bo‘ladi.

Shu bois, qonun loyihasiga ko‘ra, saylovlarni oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazish taklif etilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Prezident va parlament saylovlarini o‘tkazish muddati Konstitutsiyaning 23-bobidagi 117-moddada belgilab qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

saylov

Baholaganlar

199

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing