Prezident Jayxun Bayramov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 2 avgust kuni poytaxt Toshkentdagi O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya vazirlarining birinchi ko‘p tomonlama uchrashuvi tadbirlarida ishtirok etayotgan Ozarbayjon Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ozarbayjon tomonidan Tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov, iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov hamda raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashad Nabiyev qatnashdi.

Uch davlat yetakchilarining kelishuvlariga muvofiq O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Uchrashuv avvalida Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.

Tomonlar yaqinda o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvdan so‘ng sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etgan. O‘tgan oyda neft-gaz va kimyo tarmoqlarida, ipakchilik va qishloq xo‘jaligining boshqa sohalarida, shuningdek, milliy industriallashtirish dasturlari doirasidagi loyihalarni ilgari surish uchun delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari faol davom ettirilgan.

Kuni kecha Toshkent shahrida ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

Bugun esa uchchala mamlakatning tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining uchrashuvida, eng avvalo, mintaqada samarali transport kommunikatsiyalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli hamkorlikka doir loyiha va dasturlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish, shu jumladan O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya fondini tashkil etish, ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish, birinchi Hududlar forumi va sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazish, erkin iqtisodiy zonalar negizida kooperatsiya uchun sharoitlar yaratish muhim ekanini alohida ta’kidlagan.

Joriy yil noyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Ozarbayjon Shavkat Mirziyoev Jayxun Bayramov

Baholaganlar

19

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing