Prezident Jamshid Xodjayev va uning o‘rinbosariga bir oy muhlat berdi
Olam
−
11 mart 2022
13771Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev va uning o‘rinbosari Anvar Asomov oziq-ovqat sanoati bo‘yicha bir oy muddatda o‘zgarish qilmasa, ularga qat’iy choralar ko‘riladi. Bu haqda Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 11 mart kuni o‘tayotgan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.
Yig‘ilishda bundan ikki yil avval oziq-ovqat sanoati Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazilib, alohida vazir o‘rinbosari lavozimi, maxsus jamg‘arma tashkil etilgani, barcha vakolatlar berilgani ta’kidlandi.
Lekin, qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev va uning o‘rinbosari Anvar Asomov masalani ichiga kirmayotgani, pastga tushib tizimda amaliy natijalar qila olmayotgani tanqid qilindi.
“Ular oziq-ovqat sanoati bo‘yicha bir oy muddatda o‘zgarish qilmasa, ularga qat’iy choralar ko‘riladi”, deydi davlat rahbari.
Shuningdek, birorta hokimda hududiy import balansi, ichki imkoniyatlar va viloyatda ishlab chiqarsa bo‘ladigan tovarlar bo‘yicha hisob-kitob yo‘qligi ta’kidlandi.
“Bu borada hokimlar bergan rejalar ham buni tasdiqlab turibdi. Bu mutlaqo yetarli emas”, deydi Prezident.
Vazirlar Mahkamasiga hukumat qarorini qabul qilib, har bir tarmoq va hudud rahbarining majburiyatlari, aniq hisob-kitoblar, mas’ul va javobgarlarni belgilash topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘ilishda davlat rahbari 2 nafar amaldorga "hayfsan", yana 3 kishiga ogohlantirish bergan edi.
LiveBarchasi