Ushbu masalaga hokimlarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi – Xodjayev
Jamiyat
−
16 Sentabr 2019
5344Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan mamlakatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.
Strategiyadan ko‘zlangan maqsad sektorni o‘zgartirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jadal va samarali joriy etishga ko‘maklashish, ishlab chiqarishni jadallashtirish, shuningdek, mamlakat agrar sektorini innovatsiyalarning samaradorligi va darajasi bo‘yicha yetakchi sohalardan biriga aylantirishdir.
Shu bilan birga, Strategiya davlat xizmatlarining manbai sifatida davlatning rolini qayta ko‘rib chiqishga yo‘naltirilgan bo‘lib, xususiy fermer va korxonalar global raqobat sharoitida gullab-yashnashi uchun ularni zarur bilim, axborot va manbalardan foydalanishlarini ta’minlash orqali ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirishda yordam berishga tayyordir.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev jurnalistlar bilan uchrashib, strategiya haqida ma’lumot berdi.
“Strategiyada yerdan foydalanishga bo‘lgan huquqdek o‘ta muhim mavzu ko‘tarilgan. Fermerlarda uzoq yillar davomida o‘zlariga taqdim etilgan yerlardan qancha muddat davomida foydalanishlari mumkinligiga ishonch yo‘q edi. Aynan ushbu joyda fermer va dehqonlarda yerga nisbatan iste’molchilik munosabati paydo bo‘ldi. Yerdan foydalanish huquqi bilan bog‘liq aksariyat masalalar viloyat hokimligi darajasida hal etib kelingan. Strategiyada qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yer uchastkalarini ochiq onlayn-auksionlar orqali taqdim etishga qaratilgan shaffof mexanizm taklif etilgan”, deydi vazir.
Xodjayevga ko‘ra, endilikda yerdan foydalanish huquqini faqat sud qarori asosida qaytarib olish mumkin bo‘ladi hamda ushbu masalaga hokimlarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yerdan foydalanishga bo‘lgan bunday kafolatlangan huquq odamlarning yerga bo‘lgan, o‘ziga bo‘lgan munosabati o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Bularning barchasi dehqonlar, fermerlar va klasterlarni mahsuldorlikni oshirishga, suv resurslaridan oqilona foydalanishga hamda tuproqning yemirilishining oldini olishga turtki beradigan sarmoyalarni jalb etishga undaydi.
Strategiyada "birinchi rad etish" mexanizmini joriy qilish muhimligi haqida so‘z yuritilib, unga ko‘ra yer maydonlari birinchi navbatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdan manfaatdor, yetarlicha imkoniyat va tajribaga ega bo‘lgan qo‘shni yer egalariga beriladi. Faqatgina ular rad etgan taqdirda yer maydonlari boshqa salohiyatli xaridorlarga onlayn-auksionlar orqali taqdim etiladi. Strategiya doirasida dehqon xo‘jaliklariga aniq biznes loyihalarini amalga oshirish uchun yer maydonini yetarli darajada ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
“Shuningdek, yerdan foydalanish va ijaraga berish huquqini sub-lizing asosida berish mexanizmini joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, 2021 yilga kelib qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning kadastr qiymatini aniqlash, soliq tizimlarini qayta ko‘rib chiqish va ikkilamchi bozorni rivojlantirish va uzoq muddatli ijara huquqlaridan garov sifatida foydalanishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan”, deya qo‘shimcha qildi Jamshid Xodjayev.
LiveBarchasi