Prezident Jahongir Ortiqxo‘jayevni ishdan oldi

Jamiyat

image

Prezident huzurida energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilish boshlandi. 

"Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning kayfiyatini, hissiyotini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan o‘tkazayapman", deydi davlat rahbari.

Yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygani ta’kidlandi. Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.

Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani natijasida ruxsatsiz qurilgan ob’ektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi uchun, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora ko‘rilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qat’iy e’tiroz bildirildi.

Shu bois, vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun bugun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev shahar prokurori etib tayinlandi.

Ma’lumot uchun, 48 yashar Jahongir Ortiqxo‘jayev bundan bundan 5 yil avval, 2018 yilning aprel oyida Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlangan edi. Bungacha u davlat ishida faoliyat yuritmagan, tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev uni ilk bor xalqqa Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning 2018 yil 30 aprel – 1 may kunlari amalga oshirgan tashrifi doirasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan biznes forumida tanishtirib, yangi hokim mutlaqo boshqa muhitdan yetishib chiqqani, byurokratiya tizimida ishlamagani, haqiqiy tadbirkor ekanligini aytgandi. 

“Birinchi marta O‘zbekiston tarixida ishbilarmon, o‘zim ishongan ishbilarmonni Toshkent shahar hokimi qilib tayinladim. Bu tarixda bo‘lmagan”, degan edi. Mirziyoyev. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing