Prezident yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha topshiriq berdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda litsenziya va ruxsatnoma berish jarayonlari hamda muddatlarini qayta ko‘rib chiqib, inson omilini keskin qisqartirish va barcha qadamlarni to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 11 avgust kuni yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishayotganida topshiriq berdi.

Bildirilishicha, avvallari biznesga yuqori ma’muriy bosim va aralashuv bo‘lgani uchun ko‘pchilik oshkora ishlashdan xavfsiragan. So‘nggi yillarda soliq yukini kamaytirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘p ish qilingan. Soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaygan, 100 dan ortiq turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor bo‘lgan. Bularning natijasida, kuzatilmayotgan iqtisodiyot ulushi 2019 yildagi 45-50 foizdan hozirda 35 foizga tushgan. Lekin hali buni yanada kamaytirish zarur.

Taqdimotda shu boradagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mutasaddilar yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillar va ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha axborot berdi. Bunda eng samarali yo‘l ilg‘or texnologiyalar asosida yangicha yondashuvlarni joriy qilish ekani ta’kidlandi. Masalan, Toshkent shahrida jamoat transporti to‘liq avtomatlashgan to‘lovga o‘tkazilgani natijasida, aslida, yo‘lovchilar soni 30 foizga ko‘p ekani ko‘ringan. Yoki raqamlashtirilgan dehqon va buyum bozorlarida tushum 2-3 karra oshayapti.

“Shunday tizimni qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport, savdo va xizmatlar kabi yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori bo‘lgan sohalarda ham joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Litsenziya va ruxsatnoma berish jarayonlari hamda muddatlarini qayta ko‘rib chiqib, inson omilini keskin qisqartirish va barcha qadamlarni to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi. Tadbirkorlar ko‘p duch keladigan soliq, bank, bojxona, kommunal, sertifikatlash kabi sohalarda korrupsiyaga yo‘l ochayotgan omillarga chek qo‘yish zarurligi aytildi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, elektron to‘lovlar rivojlangani odamlarga keng qulaylik yaratmoqda. Bu yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda ham maqbul vosita. Buning uchun naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish, to‘lov tashkilotlarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbari faqat nazoratni kuchaytirish bilan yashirin iqtisodiyotni jilovlab bo‘lmasligini, aholi va tadbirkorlarning soliq madaniyatini oshirib, to‘g‘ri ishlaganlarni rag‘batlantirish yo‘lidan borish kerakligini ta’kidladi. Har bir soha bo‘yicha alohida yondashuv qilib, tadbirkorlarga ochiq va qonuniy ishlashni manfaatli qilish vazifasi qo‘yildi. Shundan kelib chiqib, soliq ma’murchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qo‘shimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“O‘z navbatida, soliq madaniyati butun jamiyat ishiga aylanishi zarur. Xalqimiz hamisha qadrlagan halollik fazilati pirovard natijada barcha sohalarda fayzu baraka va farovonlik olib keladi. Bu g‘oyalarni aholi orasida targ‘ib qilib, keng qaror topdirish muhimligi qayd etildi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Yashirin iqtisodiyot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing