Prezident vaksina ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan korxonaga bordi
Jamiyat
−
29 iyul 2021
6186Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida bo‘lib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “Yoshlik-1” konini borib ko‘rgani haqida xabar bergandik.
Qayd etish kerakki, davlat rahbarining endigi tashrifi Olmaliq shahridagi “Jurabek laboratories” qo‘shma korxonasiga bo‘ldi. Prezident ushbu korxonaning faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Korxona 48 million flakon infuzion eritmalar, 480 million dona ampula, 60 million dona quruq antibiotiklar, 20 million dona liofilizatsiya qilingan dori shakllarini ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Bu yerda GLP laboratoriyasi mavjud, xalqaro GMP standarti joriy etilgan.
Korxona tomonidan 300 turdan ortiq dori vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 15 dan ortiq xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.
Bugungi pandemiya davrida juda muhim bo‘lgan remdesivir, favipiravir, geparin, enoksaparin kabi dorilar ham ishlab chiqarilmoqda.
Biotexnologiyalar sohasida monoklonial antitanachalar turidagi dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha 30 million dollarlik yangi loyihaga kirishilgan.
Korxonada koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda.
Davlat rahbari shu boradagi texnik imkoniyatlar bilan tanishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda avgust oyidan Rossiyaning koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinalarini ishlab chiqarish boshlanadi. Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda yana Xitoydan import qilinayotgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini ishlab chiqarish yaqin orada yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
LiveBarchasi