Prezident Usmonxon Alimovni “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirladi

Jamiyat

image

Bugun, 6 yanvar O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov tavalludining 70 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga asosan “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 1950 yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ziyoli oilada tavallud topgan. 1982-1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989-1990 yillarda esa Marokashning “Karaviyn” dorilfununida tahsil olgan.

Muftiy Usmonxon Alimov Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980-1982 yillarda imom noibi vazifasida, 1987-1989 yillarda, so‘ngra yana 1990-2006 yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritgan. Shu bilan birga, 2000-2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimida ishlagan.

Usmonxon Alimov hazratlari 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlanib, 14 yildan buyon shu lavozimda samarali faoliyat olib bormoqda.

Muftiy Usmonxon Alimov 2012 yilda Diniy idora tarixida ilk bor Islom olami uyushmasi ta’sis majlisining a’zosi hamda Butun dunyo ulamolar kengashi a’zosi etib saylangan.

So‘nggi yillarda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari xalqaro e’tibor va ehtirom sabab Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda e’lon qilingan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan munosib o‘rin egalladi.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yigirmadan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqola muallifi hisoblanadi hamda tele, radio dasturlarda dolzarb mavzularda chiqishlar qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Usmonxon Alimov orden

Baholaganlar

316

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing