Prezident Urganchdagi texnoparkda bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 dekabr kuni Urganch shahridagi texnoparkda bo‘ldi.

Hududlardagi "o‘sish nuqtalari"ni ishga solish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida barcha shahar va tumanlarda kichik sanoat zonalari, texnoparklar tashkil etilmoqda.

"Urganch" texnoparki joriy yil may oyida foydalanishga topshirilgan edi. Qisqa vaqtda bu yerda ikkita korxona faoliyat boshladi. Ular kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi "Oq oltin mega tekstil" hamda metalldan turli mahsulotlar tayyorlaydigan "Great Khorezm” shirkatlaridir.

Prezident tekstil korxonasi mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.

Mazkur shirkatga Germaniya, Italiya, Turkiya kabi davlatlardan keltirilgan tikuvchilik dastgohlari o‘rnatilgan. Bolalar va kattalar kiyimlari, jinsi shim kabi 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilib, 75 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda.

Korxonada Urganch va Xiva shaharlari, Yangiariq, Xonqa va Urganch tumanlaridan 400 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Prezident ular bilan suhbatlashdi.

"Sizlarni ko‘rganimdan, mana shunday hunar egallab, o‘zlaringga yoqqan fabrikada ishlayotganlaringdan xursandman. Odamlarni, ayniqsa, ayollar va yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha katta harakatlar qilyapmiz. Bugun-erta Xorazmda yurib, mablag‘lar berib, rejalar tuzishdan maqsad ham shu", deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident uyda o‘tirgan ayollarni kasanachilik asosida ham ishga jalb etish muhimligini ta’kidladi.

Bugungi kunda texnoparkning qolgan bloklariga ham uskunalar olib kelinmoqda. Majmua to‘liq ishga tushgach, yiliga qariyb 87 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi, 5,8 million dollarlik eksport qilinishi mo‘ljallangan.

Shu yerda Xiva shahri va Gurlan tumani misolida infratuzilmani yaxshilab, turizm va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish loyihalari muhokama qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

74

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing