Prezident UNWTO Bosh kotibini qabul qildi
Jamiyat
−
16 Oktabr 2023
3998Bugun, 16 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazish doirasida mamlakatda bo‘lib turgan BMT tizimidagi ushbu yetakchi tuzilmaning Bosh kotibi Zurab Pololikashvilini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha BMTning ixtisoslashtirilgan instituti bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
“Ipak yo‘lida turizm” brendini keng yoyish, jumladan, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, O‘zbekistonga turizm yo‘nalishlarini ommalashtirish, malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish borasidagi qo‘shma sa’y-harakatlar yuqori baholandi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda UNWTO Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi o‘tkazilishi, uning doirasida Samarqand shahrida Xalqaro turizm akademiyasi va “Ipak yo‘li” tematik ofisining ochilishi hamkorlikning muhim amaliy natijalari bo‘lgan.
UNWTO Bosh kotibi O‘zbekiston Prezidentiga turizm sohasining joriy yilgi bosh xalqaro tadbiri yuksak saviyada tayyorlanishi va tashkil etilishiga ko‘rsatilgan ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.
“Forumda dunyoning 140 dan ortiq mamlakatidan yuqori darajali delegatsiyalar ishtirok etayotgani global va mintaqaviy turizm markazlaridan biri sifatida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganidan dalolat ekani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Bosh Assambleya doirasida turizm sohasidagi yetakchi kompaniyalar, oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlar ishtirokida investitsiya va ta’lim forumlari ham bo‘lib o‘tadi. Ular yakunida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan aniq shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda. Uchrashuv yakunida yubiley sessiyaning asosiy yakunlarini amalga oshirish uchun qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olingan.
LiveBarchasi