Prezident turizm sohasidagi 6 ta katta muammoga yechim ko‘rsatdi
Jamiyat
−
19 Sentabr 2022
8508O‘zbekistonda so‘nggi yillarda turizm sohasidagi 6 ta katta muammo hal etilgan, ammo yana olti muammo o‘z yechimini kutmoqda. Bu haqda bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z bordi.
Yig‘ilishda bundan buyon viloyat, tuman va shahar hokimlari haftasiga bir marta turoperator, mehmonxona va dam olish maskanlari vakillari bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilib boradigan tizim joriy etilishi ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda turizm sohasi oldidagi 11 ta katta muammolardan 6 tasi hal qilindi. Xususan:
1) Sayyohlarga viza berish keskin liberallashtirildi.
2) Aeroportlarda navbatlar va tekshirishlarga barham berildi, yashil yo‘laklar qilindi, vokzallarda ham qulay sharoitlar yaratildi.
3) Mehmonlar elektron ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bo‘ldi, ular erkin harakatlanishi uchun hamma sharoitlar yaratildi.
4) Valyuta ayirboshlashga cheklovlar bekor qilindi.
5) Mehmon o‘rinlari soni 3 barobarga ko‘payib, 125 mingtaga yetdi (2017 yilda 37 mingta edi).
6) turistik korxonalar uchun ijtimoiy soliq va aylanma soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi, yer solig‘i va mol-mulk soliq stavkalari 90 foizga kamaytirildi.
Yig‘ilishda Prezident soha oldida turgan yana 6 ta katta masala yechimi bo‘yicha navbatdagi vazifalarni belgilab berdi.
“O‘tgan hafta Samarqandda yangi barpo etilgan Turistik markazda yirik xalqaro tarixiy tadbir – Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitini yuqori saviyada o‘tkazdik. Bunda xalqimiz, davlatimiz yuksak madaniyati va bunyodkorlik salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga O‘zbekiston raisligi va Samarqand sammiti doirasidagi keng ko‘lamli ishlarimiz va tashabbuslarimizga xalqaro tashkilotlar, ishtirokchi davlatlar rahbarlari yuqori baho bergani barchamizga g‘urur bag‘ishlaydi.
Samarqandda barpo etilgan yangi aeroport, 8 ta mehmonxona, kongress-xoll, park, boshqa ko‘ngilochar va dam olish majmualari – mamlakatimiz tarixida yangi turizm darvozasi va Yangi O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi”ga aylanishiga aminman”, deydi Prezident.
Endi ularni ham aholi, ham xorijiy sayyohlar uchun ishlatish kerakligi ta’kidlandi.
Shu bois Tashqi ishlar vazirligiga:
• “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” targ‘ibot kampaniyasini o‘tkazish;
• Samarqandga sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
Elchixonalar oldiga xorijiy mamlakatlarda targ‘ibot kampaniyasi, xorijiy ommaviy axborot vositalari, mashhur turistik blogerlar uchun press-turlar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.