20 avgust “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilindi

Jamiyat

image

Bugun, 20 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda 20 avgustni “Tadbirkorlar kuni”, deb e’lon qildi.  

“Men bundan juda ham mamnun bo‘ldim. Bugungi tajribamizdan kelib chiqib, ushbu uchrashuvlarni har yili tashkil etsak, buni yaxshi bir an’anaga aylantirsak. 

Shu munosabat bilan bugungi sanani, ya’ni 20 avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni”, deb e’lon qilib, uni har yili yurtimizda keng nishonlasak, bu tashabbusga nima deysizlar”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, endilikda har yilning ushbu sanasida eng ilg‘or biznes vakillari Prezident tomonidan davlat mukofoti bilan ham taqdirlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvi oldidan “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tadbirkorlarning bir guruhiga minnatdorchilik bildirish to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi.

Davlat rahbari keyinroq biznes vakillari bilan uchrashuv paytida yuqoridagi farmoyishini quyidagicha izohladi:

“Biz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkorlarimizni, o‘z ishiga fidoyi va jonkuyar, vatanparvar insonlar deb bilamiz va ularni qadrlaymiz.

Ayniqsa, murakkab pandemiya davridagi sinov  va qiyinchiliklar paytida ham, xalqimizga madadkor bo‘lib,  o‘z biznesini nafaqat saqlab qolgan, balki yangi ish o‘rinlarini yaratib, muhtojlarga ko‘mak berayotgan hamda ishlab chiqarish va eksportni oshirgan  tadbirkor do‘stlarimga bugun chin qalbimdan rahmatlar aytaman.

Ana shunday faol  va fidoyi tadbirkorlarning 100 nafariga chuqur minnatdorchilik ramzi sifatida,  birinchi marotaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining minnatdorchilik xatini imzoladim.

Fursatdan foydalanib, ana shunday e’tirofga sazovor bo‘lgan fidoyi, vatanparvar, saxovatpesha va g‘ayratli tadbirkor va ishbilarmonlarga,  takroran chuqur tashakkur bildiraman  va sizlarning safingiz, butun mamlakatimiz bo‘ylab, kun sayin oshib borishiga astoydil ishonaman”, degan Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

73

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing