Prezident 100 nafar tadbirkorga nega minnatdorlik xati yuborganini izohladi
Jamiyat
−
20 avgust 2021
6632Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev eng ko‘p ish o‘rni yaratgan, eng yaxshi soliq to‘lovchi va eng yaxshi eksportyor tadbirkorlarga minnatdorlik bildirgani haqida xabar bergan edik.
Ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan Prezidentning tadbirkorlar bilan muloqoti vaqtincha Shavkat Mirziyoyev ishbilarmonlarga minnatdorlik bildirishi sababiga to‘xtalib o‘tdi.
“Biz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkorlarimizni, o‘z ishiga fidoyi va jonkuyar, vatanparvar insonlar deb bilamiz va ularni qadrlaymiz.
Ayniqsa, murakkab pandemiya davridagi sinov va qiyinchiliklar paytida ham, xalqimizga madadkor bo‘lib, o‘z biznesini nafaqat saqlab qolgan, balki yangi ish o‘rinlarini yaratib, muhtojlarga ko‘mak berayotgan hamda ishlab chiqarish va eksportni oshirgan tadbirkor do‘stlarimga bugun chin qalbimdan rahmatlar aytaman.
Ana shunday faol va fidoyi tadbirkorlarning 100 nafariga chuqur minnatdorchilik ramzi sifatida, birinchi marotaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining minnatdorchilik xatini imzoladim.
Fursatdan foydalanib, ana shunday e’tirofga sazovor bo‘lgan fidoyi, vatanparvar, saxovatpesha va g‘ayratli tadbirkor va ishbilarmonlarga, takroran chuqur tashakkur bildiraman va sizlarning safingiz, butun mamlakatimiz bo‘ylab, kun sayin oshib borishiga astoydil ishonaman”, degan Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi