Prezident tibbiyot tizimi yangicha tamoyilda moliyalashtirilishini aytdi
Jamiyat
−
18 mart 2022
3733Sog‘liqni saqlash tizimi asosan kasalliklarni davolashga emas, eng avvalo, ularning oldini olishga qaratilgan bo‘lishi zarur. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida aytib o‘tdi.
“Aslida, jahon tibbiyotida kasalliklar profilaktikasi – eng ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Bu borada, Sirdaryoda boshlangan tajriba, tibbiyot sohasidagi ko‘plab kamchiliklarni ochib berdi”, deydi Prezident.
Qayd etilishicha, viloyatdagi tuman va shahar shifoxonalarida turli asab kasalliklari, surunkali bronxit, oste-xondroz kabi dardi bor bemorlar statsionar sharoitda davolanmoqda. Vaholanki, ular tunu kun shifokor nazoratiga muhtoj emas.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Sirdaryodagi shifoxonalarda yotgan bemorlarning 30-40 foizini ambulator sharoitda davolash mumkin. Bu – kasalxonalarning samarasiz xarajatlarini 40 foizga qisqartirish imkonini beradi.
Shuningdek, u birlamchi bo‘g‘inda mablag‘larning asosiy qismi ish haqiga sarflanib, tibbiy yordam ko‘rsatishga atigi 10 foizi qolayotganiga to‘xtalib o‘tdi.
“Shu bois, Guliston shahridagi Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi filiali va viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasini, unga tutash yoki atrofida joylashgan 10 ga yaqin tor sohadagi tibbiyot muassasalarini yagona klasterga birlashtirishga qaror qildik.
Boshqa hududlarda ham, sog‘liqni saqlash infratuzilmasini puxta o‘rgangan holda, bir yo‘nalishdagi shifoxonalardan voz kechib, mavjud shifoxonalar negizida, ko‘p tarmoqli klinikalar tashkil etiladi”, deydi Mirziyoyev.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon tibbiyot tizimi “mablag‘ni bevosita bemorga sarflash” degan tamoyil asosida moliyalashtirishga o‘tiladi.
“Bundan tashqari, yil yakuniga qadar Sirdaryoda tibbiy sug‘urta tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yib, kelgusi yillarda barcha hududlarda joriy etamiz.
Shu bilan birga, butun respublikada amal qiladigan yagona klinik protokollar, ko‘rsatmalar va standartlar ishlab chiqiladi”, deydi Prezident Mirziyoyev.
Yangiliklardan yana biri tibbiyot sohasida yagona tibbiy ma’lumotlar bazasi, “elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratilishi bo‘ladi. Tibbiy-iqtisodiy, statistik va analitik tahlillarni o‘tkazish imkonini beradigan Milliy tizim joriy etiladi.