Sirdaryoda suv bosgan hududdan 20 kishi qutqarildi
Jamiyat
−
02 may 2020
8859Xabaringiz bor, kecha, 1 may kuni Sirdaryo viloyatida “Sardoba” suv omboridan suv sizib chiqib, toshqin yuz berishi natijasida 11 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat bo‘yicha ma’lumotlarrni berib boryapti.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, jabrlangan aholiga zaruriy yordam ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida, Favqulodda vaziyatlar vazirligida “1250” va Sirdaryo viloyatidagi “1205” Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilib, murojaatlar qabul qilinmoqda. Hozirga qadar fuqarolardan jami 400 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularning murojaatlari bo‘yicha tizimlashtirilgan holda zarur tadbirlarni tashkil etish yuzasidan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish shtabiga axborot kiritib borilmoqda.
Shu bilan birga, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari tomonidan favqulodda vaziyatdan jabrlangan aholi uchun oziq-ovqat, dori-darmon, ko‘rpa-to‘shak, qurilish materiallari, muhandislik texnikasidan iborat insonparvarlik yordamlari shakllantirilgan bo‘lib, hozirda ushbu yuklar Sirdaryo viloyatiga olib kelinmoqda. Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar vazirligidan jami 1000 o‘rin sig‘imiga ega palatkalar, ko‘rpa-to‘shak va yashash jihozlari, 11 ta maxsus texnika Sirdaryo viloyatiga yuborildi.
Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni belgilagan holda kuch va vositalar guruhi shakllantirilmoqda.
Yana bir muhim ma’lumotlardan shuni keltirib o‘tish lozimki, qutqaruvchilar tomonidan olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlarida 20 nafar fuqaroning hayoti saqlab qolindi. Ularga birinchi yordam ko‘rsatilib, tibbiyot xodimlariga topshirildi.
Hozirda Sirdaryoda “Sardoba” suv ombori dambasini mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Vaziyat yuzasidan qo‘shimcha axborotlar berib boriladi.
LiveBarchasi