Prezident tadbirkorlarni suyuntiradigan farmonni imzoladi
Jamiyat
−
23 noyabr
26827O‘zbekistonda jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda keltirilgan.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etiladi. Elektron tizimda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, o‘rta va yuqori darajalarga tasniflanadi. Xavf darajasi past bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Shuningdek, ushbu vaqtdan boshlab fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzganlik, majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish hamda xodimlar sonini yashirganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi.
2025 yil 1 martdan boshlab esa sudda ish yuritish taraflar kelishuv bitimi tuzgani sababli tugatilganda, davlat bojining birinchi instansiya sudida – 70 foizi, apellyatsiya va kassatsiyada – 30 foizi qaytarib beriladi.
Farmon bilan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibi joriy etiladi. Bunda tekshiriladigan tadbirkorlik sub’ekti aniq bo‘lmagan holatlarda, tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida Biznes-ombudsman xabardor etiladi.
LiveBarchasi