Prezident So‘xdagi mojarolarga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
06 iyun 2020
15406O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga amaliy tashrifi davom etmoqda. Tashrif davomida Prezident rahbarligida Farg‘ona shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergan edik.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev xalq bilan ochiqcha gaplashib, muammolarni birgalikda hal etish, odamlarning og‘irini yengil qilish maqsadida kelganini ta’kidladi.
“Men qisqa, sizlar ko‘proq gapirsalaringiz to‘g‘ri bo‘ladi. Maqtov kerak emas. Prezidentga eng katta maqtov bo‘lib bo‘lgan - bu xalq ishonchi. Hali endi birinchi qadamlarni qo‘yyapmiz. Kelib, qarsak eshitib ketish mengayam oson. Lekin bundan natija bo‘lmaydi. Tumanlarga o‘zim borishimning sababi - odamlarning yashash sharoitlarini yuragimdan o‘tkazib, aniq choralar ko‘rish, islohotlar uzoq-uzoq joylarda ham natija beryaptimi, quyi tizimdagi rahbarlar sadoqat bilan, jon kuydirib ishlayaptimi, degan savollarga javob topish. Har kuni bunday uchrashuv bo‘lmaydi. Achchiq-achchiq masalalarni qat’iy qo‘yinglar”, dedi Prezident.
Prezident o‘tgan hafta So‘x tumanida bo‘lgan voqealarga ham to‘xtalib, munosabat bildirdi.
“Keyingi yillarda qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh joylardagi ko‘p muammolarni hal qilishga erishdik. So‘xdagi voqealar qirg‘iz xalqi bilan do‘stligimizga, bordi-keldimizga, rejalarimizga ta’sir qilmasligi kerak. Vazmin, sabr-toqatli, mehr-oqibatli bo‘lishimiz zarur. Qo‘shnichilik - ming yilchilik. Xalqlarimiz yelkadosh bo‘lib, bir-birini hurmat qilib yashashi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bosh vazir rahbarligida Hukumat komissiyasi tomonidan muammolar o‘rganilib, keng qamrovli takliflar tayyorlangan. 2020-2022 yillarda So‘x tumanini kompleks rivojlantirishga 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish belgilangan. 11 ming yangi ish joyi tashkil etish rejalashtirilgan.
98 ta loyiha amalga oshirilib, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlantiriladi.
Jismoniy shaxslar yer va mol-mulk solig‘idan ozod etilib, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromad solig‘i stavkasi 2 barobar kamaytiriladi. 1 ming gektar ekin yerlarida suv ta’minoti yaxshilanadi.
Tuman tibbiyot birlashmasi bo‘limlari, yuqumli kasalliklar shifoxonasi, markaziy shifoxona tibbiy asbob-uskunalar va maxsus reanimobil bilan ta’minlanadi. Maktablar, qishloq vrachlik punktlari, yo‘llar va ijtimoiy ob’ektlar ta’mirlanadi.
So‘xlik yoshlar uchun vodiy viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalarida 2020/2021 o‘quv yilida davlat granti asosida maqsadli ravishda qo‘shimcha 500 ta o‘rin ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 may kuni So‘x tumanining Chashma qishlog‘i va Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumanidagi Chechma qishlog‘i aholisi o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr