Prezident Shayxontohurda qurilgan yangi podstansiya bilan tanishdi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2023
7580Bugun, 14 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yangi infratuzilma inshootlari va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishmoqda. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi yillarda poytaxt ham aholi, ham hudud jihatidan o‘smoqda. Muhandislik tarmoqlari quvvati shunga mutanosib tarzda oshirib borilyapti.
Xususan, Shayxontohur tumanida, “Paxtakor” stadioni yaqinida yangi podstansiya qurildi. Loyiha doirasida “Traktorsoz” podstansiyasidan 19 kilometrdan ziyod kabel tortilib, 2 ta transformator o‘rnatildi. U kelgusi oyda ishga tushiriladi. Buning natijasida poytaxt markazida kafolatlangan 130 megavatt qo‘shimcha elektr energiyasi hosil bo‘ladi. Shahardagi boshqa podstansiyalarga yuklama kamayib, avariyaviy holatlar ehtimoli 60 foizga qisqaradi.
Davlat rahbari shu yerda Toshkent shahri elektr ta’minoti tizimidagi qurilish va modernizatsiya ishlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Yana beshta podstansiya qurilayotgani va to‘rttasi yangilayotgani, ularda jami 850 megavatt qo‘shimcha quvvat yaratilishi qayd etildi.