Prezident Shavkat Mirziyoyev OTMlar faoliyatini tanqid qildi
Jamiyat
−
20 iyun
9603Bugun, 20 iyun sanasida Prezident raisligida muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimidagi vazifalar yuzasidan 36 ta oliygoh rektorlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident oliygohlar faoliyati bilan bog‘liq quyidagi muammolarni sanab o‘tgan:
-
Texnika oliygohlarida yo‘nalish va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talablariga mos emas. Masalan, Davlat texnika universitetidagi 76 ta bakalavr yo‘nalishidan 45 tasi, 73 ta magistratura mutaxassisligidan 51 tasi bugungi kunda yetakchi xorijiy texnika oliygohlarida o‘qitilmaydi. Oqibatda muhandislarning 60 foizi o‘zi o‘qigan yo‘nalishida ishlamayapti;
-
Joriy yilda to‘qimachilikda 4 mingta muhandisga talab bor. Lekin, bu yil muhandislik oliygohlarini “yengil sanoat konstruksiyasi” yo‘nalishida Buxoroda – 86 nafar, Jizzaxda – 117 nafar, Surxondaryoda – 56 nafar, Farg‘onada – 126 nafar, Toshkent shahrida bor-yo‘g‘i 153 nafar talaba bitirmoqda;
-
Hokimlar o‘z hududida aniq mutaxassisga shuncha ehtiyoj bo‘la turib, rektorlar bilan ishlamayapti, oliygohlarga buyurtma bermayapti;
-
Birorta texnika oliygohida “tannarx muhandisligi” (kost injiniring), “qiyoslash muhandisligi” (benchmarking) “qayta muhandislik” (reversiv injiniring) ga o‘qitish yo‘lga qo‘yilmagan.
Shuningdek, davlat rahbari ko‘pgina professor-o‘qituvchilar amaliyotdan uzilib qolganini tanqid qildi. Ta’kidlanishicha, muhandislik bo‘yicha 9 ming 600 nafar professor-o‘qituvchining 40 foizi so‘nggi 5 yilda malaka oshirmagan.
Ayrim institutlardagi o‘qituvchilarning yuklamasi xorijga nisbatan 2 karra ko‘p. Ba’zi universitetlar ilmiy laboratoriyalaridagi uskunaning 50 foizi eskirgan, qo‘shimcha laboratoriya va zamonaviy jihozlarga ehtiyoj mavjud.
LiveBarchasi