Prezident Sanepidqo‘mitani tadbirkorlarga yechim bermayotganlikda aybladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonga kirib kelayotgan investorlar mamlakatdagi ko‘p laboratoriyalar talabga javob bermasligi, rivojlangan davlatlar standartlari esa tan olinmayotganidan nolimoqda. Bu masala bugun, 18 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarildi. 

Yig‘ilishda standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimidagi eskirgan talablar va byurokratiya tadbirkorlarning “qo‘lini bog‘layotgani”, sohada korrupsiyani keltirib chiqarayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 25 mingdan ortiq standart, 41 ta texnik reglament xalqaro bozor talablariga mos kelmaydi. Hozirda 13 mingga yaqin turdagi tovarning 6,5 mingi majburiy sertifikatlanadi, bu esa tannarxni oshiradi.

“Vazirlar, hokimlar qachon tadbirkorlarni eshitib, qaysi standartni yangilash, qaysi birini bekor qilish, nima mahsulotni majburiy sertifikatsiya ro‘yxatidan chiqarishni o‘ylab ko‘rdi? Afsuski, bunga ijobiy javob yo‘q”, deya qat’iy e’tiroz bildirdi Prezident.

Hozirgi tizimda sertifikatlash organlari bir paytning o‘zida bozor nazoratini ham olib borayotgani, bu esa manfaatlar to‘qnashuviga olib kelayotgani aytildi. 

Prezident sertifikatlashtirish tizimidagi ayrim muammolarni sanab, ularning yechimlarini ham ko‘rsatdi. 

Xususan, sut va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘zining mahsulotiga Sanepidqo‘m xulosasini olish tizimidan norozi.

Masalan, O‘zbekistonga yiliga 100 million dollarlik bolalar ozuqasi import bo‘lmoqda. Lekin zamonaviy uskuna keltirib, zavod qurgan tadbirkor Sanepidqo‘m xulosasi yo‘qligi uchun ishlab chiqarishni boshlay olmayapti. Xulosa berish uchun esa standart yo‘q.

Qo‘mita rahbariyati “bu mahsulotga bizda standart yo‘q”, deb kutib o‘tirmasdan, o‘zi tashabbus qilib, tadbirkor bilan birga standart ishlab chiqmayotgani tanqid qilindi.

Ayrim tuman sanepidxizmatlari haligacha tadbirkordan bitta mahsulotning har xil qadoqlangan partiyasini alohida sinovdan o‘tkazishni talab qilmoqda. Bu qo‘shimcha vaqt, qo‘shimcha xarajat talab qiladi.

Bir vaqtda tayyorlangan mahsulotning har xil hajmda qadoqlanishi sifatga naqadar aloqador ekani savol uyg‘otadi.

Shuningdek, mineral suv ishlab chiqaruvchilar 45 ta ko‘rsatkich bo‘yicha xulosa olishi kerak. Tadbirkorlar shuning 43 tasi uchun Sanepidqo‘m tizimidagi laboratoriyalarga, qolgan 2 tasi bo‘yicha boshqa laboratoriyaga bormoqda.

Yig‘ilishda Qo‘mitaga hamma tekshiruvni bitta joyda tashkil qilish topshirildi. 

Meva-sabzavot va dukkakli ekinlar sifatini tekshirish uchun ham 3 ta tashkilotning laboratoriyasiga borish kerak. Eng yomoni, bu laboratoriyalarning xulosasi rivojlangan davlatlarda tan olinmaydi.

Shu bois eksportchilar qimmat bozorga chiqishdan oldin sertifikat olish uchun xorijga namuna jo‘natyapti.

Mutasaddilarga shu paytgacha birorta xalqaro tan olingan laboratoriyani olib kelmagani, eskirgan ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Sanepidqo'm

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing