Prezident rivojlanishdan 10 yil orqada qolayotgan viloyat qaysi ekanini aytdi

Jamiyat

image

Buxoro viloyati O‘zbekistonning boshqa viloyatlariga nisbatan rivojlanishda 10 yil ortda qolmoqda. Viloyatda korrupsiya, poraxo‘rlik urchigan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘z ochdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi davom etmoqda. Bugun, 22 yanvar kuni Mirziyoyev raisligida Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat rahbari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari bo‘yicha ma’ruza qildi.

“Buxoroning bugungi rivoji ma’qulmi, degan savolga mening javobim: yo‘q. Boshqa viloyatlardagi rivojlanishdan 10 yil orqada qolyapti. Korrupsiya, poraxo‘rlik barham topmayapti. Yalpi hududiy mahsulotda qishloq xo‘jaligi ulushi 50 foiz ekani eski zamondan nishon. Sanoat, xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik bo‘yicha viloyatning imkoniyatlari juda keng. Tuman hokimlari, sektor rahbarlarining dunyoqarashi o‘zgarishi kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda joylardagi muammo va imkoniyatlarni mahalla darajasida o‘rganish, aholi bandligi va daromadini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi ish tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.

“Endi jamiyatimizda boshqacha yo‘nalish bo‘ladi – mahalla katta kuchga aylanadi. Agar mahalla raisi bilimli, fidoyi bo‘lsa, kayfiyat ham, iqtisodiyot ham o‘zgaradi”, deydi davlat rahbari.

Shu maqsadda viloyatga ishchi guruh yuborilgan, shahar va tumanlarga vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari biriktirildi.

Prezident Matbuot xizmatining qayd etishicha, viloyatda mavjud 544 ta mahallaning har biri o‘rganilib, 333 tasi “qoniqarli”, 182 tasi “o‘rta” va 29 tasi “past” rivojlanish toifalariga ajratilgan. Aholiga daromad manbai yaratish zaxiralari aniqlangan.

Davlat rahbari o‘z nutqida ishsizlik muammosiga alohida to‘xtalgan. Yangi ish o‘rinlari ochish va o‘z-o‘zini band qiluvchilarga sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Oilaviy tadbirkorlik, yoshlar biznes loyihalariga 390 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilangan. Endilikda har bir tumanda bittadan kasb-hunar maktabi tanlab olinib, uning bazasida monomarkazlar tashkil etiladi, mahallabay o‘rganish natijasi o‘laroq ishsizlar, yoshlar va ayollar talab yuqori kasblarga o‘rgatiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Buxoro viloyati

Baholaganlar

445

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing