IIV avtomobilda baland ovozda musiqa qo‘yganlarni jarimaga tortishni taklif etmoqda
Jamiyat
−
18 Sentabr 2020
7457O‘zbekistonda aholi yashash joylarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalaridan ovozini baland qilib foydalanganlik uchun jarima joriy qilish taklif etilmoqda. Ushbu taklif “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 127-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida o‘z aksini topgan. Qonun loyiha Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 127-moddasining birinchi qismiga qo‘shimchalar kiritilib, ushbu modda qo‘yidagi tahrirda bayon etilmoqda:
“Tovush signalini sababsiz berish, aholi punkti yerlarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalaridan ovozini baland qilib foydalanish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish” so‘zlari bilan to‘ldirilmoqda.
Mazkur modda birinchi qismining sanksiyasidagi bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoridagi jarima uch baravari miqdoriga o‘zgartirilmoqda.
IIVning fikricha, ushbu qonun qabul qilingudek bo‘lsa quyidagicha natija beradi:
• yo‘l harakati qoidalariga muvofiq transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ma’muriy choralarni kuchaytirish, haydovchilarning transport vositasini boshqarish jarayonida transport vositalari xaydovchilari bilan munosabatdagi o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan mas’uliyatini oshiradi;
• Yo‘l harakati ishtirokchilarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash bilan bog‘liq faoliyatning ta’sirchanligini oshiradi;
• fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishlariga hamda inson salomatligiga salbiy ta’sir qilish omillarini kamaytiradi.
IIV keltirgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda 6 466 nafar, 2019 yilda 9 911 nafar hamda 2020 yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida 8 763 nafar (jami 25 140 nafar) transport vositalari haydovchilari belgilanmagan joylarda faqatgina tovush signalini sababsiz berishi va transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi qurilmalarni o‘rnatishi bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni sodir etgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 127-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarida avtomobil salonida tovush balandligi 85 dB dan baland bo‘lmasligi hamda ko‘pi bilan 8 soat tinglash tavsiya etilgan. Shu bilan bir qatorda tovush balandligi 90 dB bo‘lganda 2,5 soat, 95 dBda 47 daqiqa, 100 dBda 15 daqiqa, 105 dBda 4 daqiqa, 115 dBda 28 soniya, 120 dBda 9 soniyadan ortiq tinglash inson salomatligiga salbiy ta’sir qilish va karlikka sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etiladi.
IIV qonun loyihasida xorijiy tajribaga ham tayangan. Ta’kidlanishicha, xorijiy tajribani o‘rganish transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ma’muriy qat’iy jazo choralari qo‘llanilishini ko‘rsatmoqda. Masalan, Singapurda belgilamagan joylarda tovush signallarini sababsiz berish 1,5 ming mahalliy dollarda (5,4 mln. so‘m) jarima jazosi qo‘llanilishi belgilangan.
Rossiya Federatsiyasida joriy yil avgustda qonunchilikka mazkur sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni sezilarli darajada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar taklif etilib, unga muvofiq, aholi hamda belgilanmagan joylarda sababsiz tovush signallarini berish uchun ma’muriy jarima miqdori 10 baravarga oshirilib, 10 ming rublga (1 500 ming so‘m atrofida) belgilanishi ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi