Prezident Oltinko‘ldagi charm-poyabzal kichik sanoat zonasiga bordi

Jamiyat

image

Bugun, 23 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida Oltinko‘l tumanidagi charm-poyabzal kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatda charm xomashyosini chuqur qayta ishlash, eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ichki bozorni sifatli hamda hamyonbop poyabzallar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlat rahbarining “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Oltinko‘l tumanidagi kichik sanoat zonasi vodiydagi charm mahsulotlari va tayyor poyabzal ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar, kosiblar hamda klasterlarni birlashtiruvchi yagona sanoat majmuasi. U yerda xomashyoni qayta ishlashdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va sotishgacha bo‘lgan to‘liq zanjir shakllantirilmoqda.

Majmuaning umumiy maydoni 10,1 gektar, loyihalar qiymati esa 28 million dollarni tashkil etadi. Hududning 5,5 gektarida zamonaviy ishlab chiqarish binolari, dual ta’lim markazi va savdo shoxobchalari barpo etilgan.

Sanoat zonasida umumiy ishlab chiqarish quvvati 150 milliard so‘m bo‘lgan 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 10 tasi poyabzal va tagcharm, 2 tasi sun’iy charm, 2 tasi poyabzal yelimi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Qolgan loyihalar doirasida rezina poyabzal, maxsus poyabzallar uchun ustki qismlar ishlab chiqarish va teri tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Bugungi kunga qadar majmuada 2 ming 500 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

U yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘onistonga eksport qilinmoqda. Ishlab chiqarishga Turkiya, Xitoy va Italiyada malaka oshirgan mutaxassislar jalb etilgan. Ularning tajribasi mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlarga qator imtiyoz va imkoniyatlar berilgan. Jumladan, ishlab chiqarish bino va inshootlari qiymatini yetti yilgacha bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi.

Davlat rahbari majmuada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirib, loyihalarning iqtisodiy samaradorligi va eksport salohiyatiga alohida e’tibor qaratgan.

Tadbirkorlar bilan muloqotda mahsulot sifatini oshirish, zamonaviy modellarni o‘zlashtirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Shuningdek, mahalliy kosibchilik an’analarini zamonaviy sanoat usullari bilan uyg‘unlashtirish, soha vakillari uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing