Prezident Navro‘zni nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi

Jamiyat 16525
image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida yaqqol mujassam etgan, ona tabiat va odamlar ruhiyatida yuz beradigan yasharish, yangilanish va yuksalishlarni asrlar davomida to‘la namoyon qilib kelayotgan Navro‘zi olam eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri hisoblanadi.

Ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan borliqni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik singari yuksak g‘oyalar bugungi kunda yanada teran mazmun va ahamiyat kasb etib borayotganini alohida ta’kidlash lozim. Yurtimizda erkin va farovon hayot barpo etish, inson qadrini ulug‘lashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos ma’naviy tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.

Millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimiz o‘zining huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini tobora chuqur anglab borayotgan Yangi O‘zbekiston sharoitida Navro‘z tom ma’noda umumxalq bayramiga aylanib, el-yurtimiz tomonidan katta shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda.

Xalqimiz asrlar davomida e’zozlab kelayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarafidan xalqaro bayram sifatida e’tirof etilgan Navro‘zi olamning ana shunday beqiyos ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu ayyomni mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar jarayoniga uyg‘un va hamohang tarzda, har tomonlama yuksak saviyada o‘tkazish maqsadida:

1. 2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada nishonlansin.

2. Quyidagilar:

  • 2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
  • 2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayramini o‘tkazish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qo‘mita (A.N. Aripov) “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Navro‘z umumxalq bayramining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanishini ta’minlasin.

3. Joylarda Navro‘z umumxalq bayramini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:

  • Navro‘z kunlarida inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tibor yaqqol o‘z ifodasini topishini aks ettiradigan, atrof-muhitni, uning ne’matlarini asrab-avaylash, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga, inson qadrini ulug‘lashga da’vat etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;
  • so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni Navro‘zning azaliy qadriyat va an’analariga hamohang tarzda, ta’sirchan usullarda ifoda etish;
  • Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida alohida dasturlar asosida xalq sayillarini tashkil etish;
  • bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama e’zozlash, Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, Saxovat uylarida yashayotganlar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
  • mamlakatimizda boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni uyushtirish, Navro‘z umumxalq bayrami arafasida respublikamizning barcha hududlarida, har bir ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan umumxalq hasharlarini o‘tkazish;
  • millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijalari, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining Navro‘z umumxalq bayramini nishonlashga oid urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarini keng namoyish etish;
  • bayram tadbirlari bo‘lib o‘tadigan joylarda hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish, kitob rastalari, ko‘chma savdo do‘konlarini tashkil qilish, ko‘klam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini yo‘lga qo‘yish;
  • barcha shahar va qishloqlarda o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, har bir hudud aholisi o‘rtasida uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odat va an’analarning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish.

4. Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov):

  • Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.M. Xodjimatov) va Yozuvchilar uyushmasi (S.S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin;
  • konsert tomoshasini tajribali ssenarist va rejissyorlar, bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillari bilan birgalikda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko‘rsin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

a) bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Navro‘z umumxalq sayillarini o‘tkazish bo‘yicha hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

  • Navro‘z umumxalq sayillari o‘tkaziladigan asosiy maydonlar, xiyobonlar va ko‘chalarni belgilash, ularni milliy uslubda bayramona bezatish hamda sahnalarni o‘rnatish;
  • joylarda bo‘lib o‘tadigan umumxalq sayillariga mahalliy folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, sirk san’ati ustalari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlarini belgilangan tartibda keng jalb etish;
  • bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos bo‘lgan xalq o‘yinlari, tomoshalar, ko‘rgazmalar o‘tkazish, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalarni joylashtirish;

b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, ko‘chalar, xiyobonlar va maydonlarni bezatishda malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin;

v) barcha tadbirlar karantin qoidalari va jamoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazilishini ta’minlasin.

6. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

  • Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hisobidan qoplanadi.

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini va bayram tadbirlarini atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2022 yil 17 fevral

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 356
Reyting: 3.1
t
×