Prezident Navoiyga tashrifini Karmanadan boshladi
Jamiyat
−
27 avgust 2021
7715Bugun, 27 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga safarini Karmana tumanidan boshladi. Davlat rahbari bu yerda barpo etilgan yangi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish marosimida ishtirok etmoqda.
Shavkat Mirziyoyev stansiyaning ochilish marosimida nutq so‘zlab, bu inshoot Karmanada “yashil energetika”ga o‘tishdagi ilk qadam ekanini ta’kidladi.
“Bugun Karmana tumanida “yashil energetika”ga o‘tish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lmish quvvati 100 megaVatt bo‘lgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilmoqda.
Barchangizni ana shu quvonchli voqea bilan chin qalbimdan tabriklayman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu loyiha doirasida qisqa muddatda 110 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari o‘rnatilgan.
Bu yerda yiliga 252 million kiloVatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning hisobidan 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bug‘lanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu stansiya Yangi O‘zbekiston energetika tizimidagi birinchi mana shunday ulkan qadam, ta’bir joiz bo‘lsa, “birinchi qaldirg‘och” bo‘lib, soha rivojida mutlaqo yangi davrni boshlab berayotganini ta’kidladi.
“Ma’lumki, yurtimizda bir yilda o‘rtacha 320 quyoshli kun kuzatiladi. O‘lkamizni bejiz “Serquyosh O‘zbekiston” deb atashmaydi.
Lekin shu paytga qadar ana shunday ulkan salohiyatdan foydalanish masalasi e’tiborimizdan chetda qolib kelayotgan edi”, degan Prezident Mirziyoyev.
LiveBarchasi