Prezident Murodjon Ahmadaliyevni “O‘zbekiston iftixori” unvoni bilan taqdirladi
Jamiyat
−
01 fevral 2020
15336Avvalroq, professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (8-0, 6 KO) ikki yo‘nalishda jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston iftixori" unvoni bilan taqdirlash haqidagi farmonni imzoladi.
"Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, jahon miqyosida o‘zbek sporti shon-shuhratini yanada oshirishga qo‘shgan munosib hissasi, xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Mayami shahrida professional boks bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqada yuksak azmu shijoat va mahoratini namoyon etib, yurtimiz boks sporti tarixida ilk marotaba WBA va IBF yo‘nalishlarida g‘alaba qozonib, rekord natijani qo‘lga kiritgani hamda yoshlarimizga ibrat namunasini ko‘rsatib, ular ongida milliy g‘urur, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish borasidagi katta xizmatlari uchun boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Ahmadaliyev Murodjon Qahor o‘g‘liga "O‘zbekiston iftixori" faxriy unvoni berilsin", deyiladi farmonda.
Mayamida bo‘lib o‘tgan boks oqshomida Murodjon Ahmadaliyev ikki yo‘nalish chempioni bo‘lib turgan amerikalik Daniel Romangaga (27-3-1, 10 KO) qarshi ringga chiqib, 12 raund natijalariga ko‘ra, g‘olib bo‘ldi. Ikki hakam Murodjon Ahmadaliyevning 115-113 hisobidagi g‘alabasini taqdim etgan bo‘lsa, bitta hakam 115-113 hisobida Daniel Roman g‘alabasini e’tirof etdi.
Shu tariqa Murodjon Ahmadaliyev O‘zbekiston tarixida ilk marta bir yo‘la ikkita chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi. Professional faoliyatidagi 8 ta jangida 8 ta g‘alabaga erishgan Ahmadaliyev tarixiy rekordni takrorladi. Bungacha faqat Leon Spinks 8 ta jangdayoq chempionlik kamariga ega chiqqan edi.
LiveBarchasi