Prezident Mirziyoyev hududlarga tashrifi paytidagi ko‘zbo‘yamachiliklarga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida hududlarga tashrifi paytidagi ko‘zbo‘yamachiliklarga munosabat bildirdi.

Davlat rahbari hududlarga tashrifi davomida achchiq bo‘lsa-da, haqiqiy vaziyatni bilishni istashini aytib o‘tgan. Prezident shu sababdan hududlarga tashrifi chog‘ida "protokol"ga kiritilmagan manzillarga borishini qo‘shimcha qilgan.

“Men Prezident sifatida ish boshlagan birinchi kunlardanoq o‘z komandamni haqiqiy holatga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan balandparvoz gaplar va “chiroyli” raqamlarni yoqtirmasligimni aytib, qattiq ogohlantirganman. Qanchalik achchiq va noqulay bo‘lmasin, men faqat to‘g‘ri va haqqoniy ma’lumotni bilishni istayman. Bu men uchun to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

Albatta, bu talabni hamma ham tushunib yetgani yo‘q, haliyam eskicha usulda ma’lumot berishga urinishlar bo‘lib turadi. Lekin men bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilaman. Ana shu haqiqatni tushunmaganlarning ko‘pchiligi bilan xayrlashdik va bu masalada talab doimo qattiq bo‘ladi. Yana bir bor aytaman, rahbar va mutasaddi shaxslar o‘rtasida kimki ana shu o‘tkir talabni tushunmasa, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ular bilan xayrlashamiz.

Mening mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshiradigan har bir tashrifimdan asosiy maqsad – xalq qanday yashayotgani, nima bilan nafas olayotganini bilishdan iborat. Bu – o‘ta muhim masala. Shuning uchun ko‘p hollarda safar davomida yo‘nalishni to‘satdan o‘zgartirishimga to‘g‘ri keladi. Bunday kutilmagan, hech qanday protokolda qayd etilmagan “marshrut”lar joylardagi rahbarlarni bo‘shashmasdan, doimo ishchan holatda turishga o‘rgatadi, deb o‘ylayman.

Afsuski, necha bor aytishim, ogohlantirishimga qaramasdan, joylarda faqat mening tashrifim oldidan ko‘cha va maydonlarni tozalash, bir kechada binolar oldida “maysazor” va “gulzor”lar paydo qilish, umuman, haqiqiy holatni bo‘yab ko‘rsatishdek xo‘jako‘rsin ishlar davom etmoqda. Ko‘zbo‘yamachilik, odamlarni qiynash, soxta va balandparvoz gaplarga o‘chlik yillar davomida ba’zi rahbarlarning qon-qoniga shu qadar singib ketgan ekanki, ulardan qutulish qiyin bo‘lyapti. Lekin qanday bo‘lmasin, bu kabi illatlarga butunlay chek qo‘yishimiz kerak. Chunki bunday holatlar rostgo‘y, soxta gap va ishni umuman qabul qilmaydigan xalqimizning asl tabiatiga mutlaqo yotdir.

Shavkat Mirziyoyev mahalliy hokimiyat idoralarining ishi Prezident kelib ketishi bilan tugamasdan, aksincha, tashrifdan keyin yangitdan boshlanishi, hatto oldingidan ham ko‘payishi lozimligini ta’kidladi, shunda ishda sur’at va sifat, asosiysi, natija uchun ishlash malakasi shakllanishini aytib o‘tgan.

"Ilgari hokimlar tashrifdan tashrifgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bamaylixotir, ta’bir joiz bo‘lsa, yallo qilib yurardi, endi esa ular o‘z oldiga aniq maqsad va vazifa qo‘yib, xalq bilan maslahat asosida astoydil ishlamoqda. Chunki ular biladi: Prezident kelgusi safar albatta har bir masala bo‘yicha aniq natijani so‘raydi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

381

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing