Prezident ming dollarlik jarima to‘g‘risidagi qonunni rad etdi
Jamiyat
−
15 avgust 2023
13924Prezident Shavkat Mirziyoyev daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jazoni kuchaytirishga qaratilgan qonunni rad etdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning bahorida Oliy Majlis Senatining muhokamasiga qo‘yilgan, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarima miqdorini 1000 dollargacha oshirishni ko‘zda tutuvchi qonun Shavkat Mirziyoyev tomonidan rad etilgan.
“Daraxtni noqonuniy kesganlik uchun AQSHda 100 ming, Fransiyada 150 ming, Saudiyada 8 million dollargacha jarima belgilangan. Bizda bu harakat uchun 1000 dollargacha jarima ko‘zda tutilgan qonun prezident tomonidan rad etildi. E’tiroz to‘g‘ri, qonunni qayta ko‘ramiz”, deydi Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 may kuni bo‘lib o‘tgan Senatning qirqinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonuni muhokama qilingan edi.
Unda daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va yosh nihollarni noqonuniy kesish, ildizi bilan sug‘urib olish, shikastlash, nobud qilish yoki ko‘chirib o‘tkazish uchun fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (avval 5 baravaridan 10 baravarigacha edi), mansabdor shaxslar uchun esa 15 baravaridan 20 baravarigacha (avval 10 baravaridan 15 baravarigacha edi) jarima belgilanishi ko‘zda tutilgan edi.
LiveBarchasi