Prezident maktablar qurishda tejamkorroq bo‘lish uchun tavsiyalar berdi
Jamiyat
−
30 yanvar 2022
6027Kelgusi besh yilda O‘zbekistonda 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shunga ko‘ra mamlakatda hajmiga ko‘ra 5 turdagi maktablar qurish loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda bugun, 30 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev uchun o‘tkazilgan loyihalar taqdimotida so‘z bordi.
Taqdimotda qayd etilishicha, 5 yilda 1,2 mln o‘quvchi o‘rni tashkil etish uchun 330, 660, 990, 1320 va 1650 o‘rinli maktablar loyihasi tayyorlangan. Bunda qo‘shimcha bino, ko‘p funksiyali zal, sanitariya-gigiyena xonalari qurish, zamonaviy laboratoriya, interaktiv doska, qulay o‘rindiqlar bilan jihozlash kabi barcha jihatlarga e’tibor qaratilgan.
Ammo Prezident Mirziyoyev mutaxassislar bilan har bir maktabning asosi va devori holatini o‘rganib chiqish zarurligini ta’kidladi.
“Buni nima uchun aytayapman? Iloji boricha, hozirgi maktablarning o‘zini kengaytirish kerak. Chunki bolalar ham, o‘qituvchilar ham o‘sha joyga o‘rgangan. Mahallaning o‘rtasida boshqa bo‘sh yer yo‘q. Chekka joydan qursak, borib-kelishga transport kerak, bolalar qatnashga qiynaladi. Shuning uchun maktablarning o‘ziga qo‘shimcha qavat yoki yonidan bino qurish maqsadga muvofiq”, degan Prezident.
Taqdimotda holatiga qarab, har bir maktabga alohida yondashish, aholi demografiyasini inobatga olib, qayerda necha qavatli bino qurishni hisob-kitob qilish bo‘yicha topshiriq berilgan.
LiveBarchasi